11:44 / 31.07.2020
11156
Saraton ham chekinishi mumkin – Ramziddin shundan umidvor

Xayriya bo‘yicha navbatdagi murojaat Surxondaryoning olis Oltinsoy tumanida yashovchi Toshboyevlar xonadonidan bo‘ldi. Endigina 33 yoshni qarshilagan Ramziddin o‘sma kasalligining og‘ir turi bilan kurashmoqda.

– O‘g‘lim Ramziddin tuppa-tuzuk yurgandi. Og‘irroq ovqat yesa qorni og‘rib qolardi. O‘tgan yilning dekabr oyi edi. Biz o‘tib ketar dedik, og‘riq bo‘lgan paytlari tabibga olib bordik, uy sharoitida davolanib ko‘rdik. Ammo bu holat kuchayaverganidan keyin bizni onkologiya shifoxonasiga jo‘natishdi. U yerda bolamga “Me'da tana va proksimal qismi saratoni”, ya'ni rak tashxisini qo‘yishdi, – deydi onasi Lutfiya Zokirova.

O‘sha paytdagi holatimga hech bir ona tushmasin. Yeru-ko‘kka sig‘may ketdim, juda tushkunlikka tushib qoldim. Avval Termizda, keyin Toshkentda davolandik. Yaxshiki shifokorlar ko‘nglimni ko‘tardilar, umid borligini bildirdilar. Bu og‘ir kasallikdan ham shifo topgan ko‘pchilik insonlar bor ekan.

Ramziddin to‘rt farzandimning uchinchisi. Ona uchun har bir farzandi aziz. Toki bittagina ilinj bor ekan, uning hayoti uchun kurashaveraman. Davolanish ancha qimmat va og‘ir ketayapti. Oldinda yana to‘rtta kimyo terapiyalari va murakkab operatsiyalar uchun taxminan 70 mln so‘m mablag‘ zarur. Qo‘lga ilinadigan narsalarni sotdik. Ammo oilamiz o‘rtahol, buncha pulni to‘play olmasligimiz aniq. Shu bois saxiy yurtdoshlarimizdan ko‘mak so‘rayman. Hech kimning boshiga bunday kunlar tushmasin, o‘g‘lim ham eson-omon sog‘ayib ketsa, butun umr bizga yordam bergan xalqimizning xizmatini qilib o‘tadi, – deydi umidli va yoshli ko‘zlarini yerga tikib.

Ramziddin Toshboyevga oid ma'lumotlar:

Plastik karta: 8600 1204 6913 7627 (Hamkorbank, Toshboyev Ramziddin nomida)

Visa: 4231 2000 0077 4843 (Toshboyev Ramziddin nomida)

Sberbank: 4276 4000 8265 0764 (jiyani Ruhangez Muhammadiyev nomida)

Onasining raqami: +998915165753

Azizlar! Bugun ikki ulug‘ kun birlashib, ko‘ngillar savob istab turgan kun. Ramziddin sizning duolaringizga muhtoj. Ehsonga qodirlar esa allaqachon ataganlarini berdilar ham. Har biringizga tashakkurimizni bildiramiz.

Abror Zohidov. 

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top