21:26 / 31.07.2020
12404

Sirdaryoda qayta tiklanayotgan uylarni ta'mirlashda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda suv toshqinidan zarar ko‘rgan uylarni ta'mirlash jarayonida devorlar to‘liq demontaj qilinmasdan kafel terilgani, polietilen quvurlarini devorlar orasiga o‘rnatishda loyiha talablari buzilgani va boshqa kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan.

«Uylarni ta'mirlash jarayonlarida bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlangan. Xususan, 92 va 93-uylarning yuvinish xonalarida devorlar to‘liq tozalanib, demontaj qilinmasdan, kafel terish yumushlari olib borilgan. Xonalarning ichki oraliq devorlariga o‘rnatilgan eshiklar atrofi maxsus ko‘piklar bilan to‘ldirilmasdan, taxtalar bilan yopilgan.

96 va 97-uylarda ham xuddi shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Uylarning yuvinish xonalaridagi devorlar to‘liq tozalanmagan, kafel terishga ham kirishilmagan. Isitish tizimidagi polietilen quvurlarini devorlar orasiga o‘rnatishda loyiha talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Shuningdek, xonalarning ichki oraliq devorlariga o‘rnatilgan eshiklar atrofi maxsus ko‘pik bilan to‘ldirilmasdan ularga taxtalar qoqilgan. Bundan tashqari, uylarda qurilish-montaj ishlari to‘xtab qolgan.

Bundan tashqari, 94 va 95-uylarning tomlariga tarnovlar o‘rnatilmagan. Uylarning tashqi tarafidagi kafellar ham to‘liq terilmagan. Xonalarning isitish tizimidagi polietilen quvurlarining devorlar orasiga gilzalar qo‘yilmagan va klipsalarni 400-450 mm.li o‘lchamdagisi o‘rniga 550-600 mm.ligi o‘rnatilgan. Loyiha talabiga ko‘ra, polietilen quvurlar poldan 100 mm.li balandlikda o‘rnatish ko‘zda tutilgan, lekin amalda ular polning ustiga joylashtirilgan. Oqibatda loyiha talablari buzilgan», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmatining axborotida.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati va Toshkent viloyati qurilish nazorati inspeksiyalari, Toshkent viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar bugungi kunda bartaraf etishga kirishilgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 31 iyul holatiga ko‘ra 120 xonadonda ichki pardozlash ishlari yakunlangan bo‘lib, qolgan 8 tasida davom ettirilmoqda. Har bir xonadon ichimlik suvi va tabiiy gazga ulanmoqda. Shuningdek, toshqindan zarar ko‘rgan yo‘llar to‘liq ta'mirlanmoqda. Hozirgacha to‘liq qurilish-montaj ishlari yakunlangan 118 ta xonadon egalariga yashash uchun topshirilgan. Qolgan uylar 5 avgust sanasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkent viloyatining tasarrufiga berilgan hududda qurilish-tiklash ishlariga jalb etilgan quruvchi va ishchilar, suv toshqini talafotlarini bartaraf etishda qatnashgan harbiylar uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, osh tarqatilgani xabar berilgan edi. Qolaversa, Qurbon hayiti munosabati bilan suv toshqinidan katta zarar ko‘rgan 128 ta xonadonga viloyat hokimining tashabbusi bilan 1 boshdan qoramol topshirilishi belgilangan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top