01:09 / 31.07.2020
3503

Yevropa ittifoqi Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi

Yevropa ittifoqi Shimoliy Koreyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar amal qilishini yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Yevropa ittifoqi kengashi ma'lum qildi. 

Foto: Reuters

Sanksiyalar Shimoliy Koreyaning yadro quroli, ballistik raketalar va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollari bilan bog‘liq dasturlarida ishtirok etganlik uchun o‘nlab shaxslarga nisbatan joriy qilingan.

Yevropa ittifoqida Koreya yarimorolini qurolsizlantirishga va unda tinchlik o‘rnatishga tinch vositalar yordamidagina erishilishi kerakligi ta'kidlab kelinadi.  

AQSh prezidenti Donald Tramp ham 17 iyunda Shimoliy Koreyaga qarshi 2008 yildan beri amal qilib kelayotgan sanksiyalarni bir yilga uzaytirgandi. AQSh ma'muriyatining fikricha, Shimoliy Koreya hukumatining xatti-harakatlari AQShning milliy xavfsizligi, iqtisodiyoti va tashqi siyosatiga jiddiy xavf soladi.

Shimoliy Koreyaga nisbatan bugungi kundagi eng qat'iy sanksiya rejimi amal qiladi. BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan 2397-sonli rezolyutsiya Shimoliy Koreyaga neft va uni qayta ishlash mahsulotlari yetkazilishini taqiqlaydi va boshqa davlatlardan o‘z hududlaridan shimoliy koreyalik ishchilarni chiqarib yuborishni talab qiladi. Bunday qat'iy sanksiyalar kiritilishiga Pxenyan tomonidan yadro quroli va ballistik raketalar ishlab chiqilishi davom ettirilayotgani sabab hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top