23:34 / 31.07.2020
14832

Yevropaning koronavirus inqirozidan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlati ma'lum qilindi

Foto: Angel Navarrete /Bloomberg

Ispaniya iqtisodiyoti 2020 yilning 2-choragi yakunlariga ko‘ra 18,5 foizga pasaygan. Bu haqda Bloomberg xabar berdi va u Ispaniyani Yevropaning koronavirus inqirozidan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlati deb atadi.

Ispaniya iqtisodiyotining pasayishi iqtisodiyotchilar prognoz qilgandan yuqoriroq bo‘lgan. Ular bu ko‘rsatkich 16,6 foizni tashkil qilishini aytishayotgandi.  

Ispaniyada iqtisodiy ko‘rsatkichlar 3-chorakda tiklanishi kutilmoqda, biroq tez o‘sishga umid qilinmayapti. Iqtisodiyotning tiklanishiga muvaffaqiyatsiz kurort mavsumi va koronavirusning ikkinchi to‘lqini yuz berishi mumkinligidan xavotir to‘sqinlik qilmoqda. Oxirgi 3 oyda Ispaniya iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlarida qisqarish yuz bergan. Biroq koronavirus inqirozi chakana savdo, transport, turizm va restoran biznesiga kuchli zarba bergan. Umumiy hisobda bu sohalar 40 foizgacha daromadini yo‘qotgan.

Shuningdek, koronavirus sababli kiritilgan cheklovlar ishsizlik darajasi oshishiga olib kelgan. Bu ko‘rsatkich 15 foizga yetgan. Ta'kidlanishicha, yil oxirigacha Ispaniyada o‘n minglab kichik va o‘rta korxonalar kasodga uchrashi kutilmoqda.  

Umumiy hisobda, yevrohudud iqtisodiyoti 2-chorakda 14,4 foizga qisqargan. Bu esa statistika olib boriladigan vaqtdan beri eng kuchli pasayish hisoblanadi. Jumladan, Yevropaning bosh iqtisodiyoti hisoblanadigan Germaniyaning yalpi ichki mahsuloti 10,1 foizga, Fransiyaniki 13,8 foizga qisqargan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top