20:49 / 01.08.2020
16376

3 nafargacha a'zosi bor ehtiyojmand oilalarga 500 ming, kattaroq oilalarga 1 mln so‘mdan moddiy yordam tarqatildi – Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyatidagi tuman va shaharlarda pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida a'zolarining soni 3 kishigacha bo‘lgan oilalarga 500 ming so‘mdan, a'zolarining soni 4 kishidan ortiq bo‘lgan oilalarga esa 1 mln so‘mdan bir martalik yordam naqd pul shaklida tarqatildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

«Karantin qoidalarining kuchaytirilishi aholi turmush tarziga o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ayniqsa, cheklovlar kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar turmush tarziga ka bu yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ta'kidlandi.

Prezident farmoni va hukumat qaroriga muvofiq 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Jumladan, Toshkent viloyatidagi 12990 ta oilaga 10 mlrd 611 mln so‘m miqdoridagi moddiy yordam naqd pul shaklida ajratildi.

Bugungi murakkab davrda yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmand oilalarga quvonch ulashish maqsadida ajratilgan pullarni taqsimlashda viloyat rahbariyati tomonidan ijtimoiy adolatni ta'minlash birinchi o‘ringa qo‘yildi. Shu maqsadda a'zolarining soni 3 kishigacha bo‘lgan oilalarga 500 ming so‘mdan, a'zolarining soni 4 kishidan ortiq bo‘lgan oilalarga esa 1 mln so‘mdan bir martalik yordam tarqatildi. Jami 4758 ta oilaga 500 000 so‘mdan, 8232 ta oilaga esa 1 mln so‘mdan berildi», deya viloyat hokimining matbuot kotibi Behzod Qobulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha,14 iyulidan 31 iyuliga qadar doimiy daromad manbasidan mahrum bo‘lgan viloyatdagi 10236 ta ehtiyojmand oilaga 1 mlrd 189 mln so‘mlik zarur ijtimoiy yordam mahsulotlari yetkazib berildi. Xususan, ta'minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali 862 ta; ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan 562 ta; ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan 736 ta; ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan 755 ta; ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan 785 ta; mehnatga layoqatli a'zolari bo‘lgan, biroq hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan 5918 ta; 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayol yoki yolg‘iz erkaklardan iborat 618 ta oilaga zarur mahsulotlar tarqatilgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan bir oilaga zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlar jamlanmasiga 3 kg un, 3 kg guruch, 2 kg makaron, 2 litr o‘simlik yog‘i, 4 kg kartoshka, 3 kg piyoz, 2 kg shakar, 1 dona tovuq, 30 dona tuxum, 0,5 kg quruq choy va 1 dona kir sovuni bo‘lishi tavsiya etilgan. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasining o‘rtacha narxi 165 000 so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga 8244 ta o‘ta muhtoj oilalarning 7463 tasiga, 1197 qisqa raqamiga murojaat qilgan 5108 ta ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat va dorilar yetkazilgan.

Top