17:41 / 01.08.2020
57112

«Bola puli» olish muddati uzaytirilgan fuqarolardan hech qanday qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi - vazirlik

O‘zbekistonda to‘lash muddati 2020 yilning iyul-sentabr oylarida tugaydigan, bolali bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash keyingi 6 oy muddatga (bola tegishlicha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan holatda) davom ettiriladi.

Foto: Fotolia

Bu haqda prezidentning 30 iyuldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, nafaqa olish muddatini uzaytirish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

«Farmon bilan iyul-sentabr oylarida nafaqa to‘lash muddati tugaydigan oilalar uchun nafaqa oluvchilardan hech qanday qo‘shimcha hujjatlar talab etmasdan, nafaqa olish muddati yana 6 oyga uzaytirilishi belgilandi.

Iyul oyida nafaqa olish muddati tugagan oilalar avgust oyi uchun nafaqa to‘lash ro‘yxatidan tushib qolishi mumkin emas. Faqatgina farzandi 2 yoki 14 yoshga to‘lsa, ular uchun o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda nafaqa to‘lash to‘xtatiladi», – dedi vazirlik vakili 1 avgust kuni AOKAda o‘tgan brifingda.

Ma'lumot uchun, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa (2 yoshgacha) va bolali oilalarga nafaqani (14 yoshgacha) — har bir oila a'zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (hozirgi kunda 679 330 so‘m)ning 52,7 foizidan ortiq bo‘lmagan oilalar olishi mumkin.

2 yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi uchun onalarga nafaqa 12 oyga, bolali oilalarga nafaqa 6 oy muddatga tayinlanadi.

Mavzuga oid
Top