00:48 / 01.08.2020
14543

Dunyoning eng qimmat sport klublari ma'lum qilindi

Foto: Richard Rodriguez /Getty Images

AQShning Forbes nashri dunyoning eng qimmat 50 ta sport klubining 2020 yilgi ro‘yxatini e'lon qildi. Ro‘yxatga 5 yildan beri AQShning “Dallas Kovboys” klubi yetakchilik qilib kelmoqda.

Yetakchi o‘ntalik quyidagicha ko‘rinish olgan:

1. «Dallas Kovboys», narxi 5,5 mlrd dollar, amerikancha futbol, AQSh. Egasi — Jyerri Jons (Forbes Real-Time’ga ko‘ra boyligi 8,5 mlrd dollarni tashkil qiladi).

2. «Nyu-York Yankis», narxi 5 mlrd dollar, beysbol, AQSh. Egasi —Shteynbrennerlar oilasi (2015 yilda 3,2 mlrd dollarlik boylik bilan AQShning eng boy oilalari reytingiga kirgan).

3. «Nyu-York Niks», narxi 4,6 mlrd dollar, basketbol, AQSh. Egasi — Madison Square Garden Company.

4. «Los-Anjyeles Leykers», narxi 4,4 mlrd dollar, basketbol, AQSh. Egalari —Jyerri Bass va milliarder Filipp Enshatsning (boyligi 10,1 mlrd dollar) oilaviy trasti.

5. «Golden Steyt Uorriorz», narxi 4,3 mlrd dollar, basketbol, AQSh. Egalari — milliarder Jo Leykob (boyligi 1,2 mlrd dollar) va Peter Guber.

6. «Real Madrid», narxi 4,24 mlrd, futbol, Ispaniya. Egalari — klub a'zolari.

7. «Nyu-Inglend Petriots», narxi 4,1 mlrd dollar, amerikancha futbol, AQSh. Egasi — milliarder Robert Kraft (boyligi 6,6 mlrd dollar). 

8. «Barselona», narxi 4,02 mlrd, futbol, Ispaniya. Egalari — klub a'zolari. 

9. «Nyu-York Jayyens», narxi 3,9 mlrd dollar, amerikancha futbol, AQSh. Egalari — Jon Mara va milliarder Stiven Tich (boyligi 1 mlrd dollar). 

10. «Manchester Yunayted», narxi 3,81 mlrd dollar, futbol, Britaniya. Egalari — Gleyzerlar oilasi (2015 yilda 4,7 mlrd dollarlik boylik bilan AQShning eng boy oilalari reytingiga kirgan). 

“Dallas Kovboys” klubi reytingga qatorasiga 5 yildan beri yetakchilik qilmoqda. Umuman olganda, AQShning Milliy futbol ligasida (amerikancha futbol) ishtirok etuvchi jamoalar reytingda eng ko‘p sonli bo‘lib, 27 tani tashkil qilmoqda. Bu MFL o‘yinlari tribunalarda ko‘plab muxlislar to‘plashi va teletomoshabinlar orasida katta qiziqishga egaligi bilan tushuntiriladi: 2019 yilning eng kassabop 100 translatsiyasi ro‘yxatiga MFLning 73 ta o‘yini kirgan.  

Reytingga, shuningdek, Milliy basketbol assotsiatsiyasidan 9 ta jamoa kirgan. E'tiborlisi, MBAning 3 ta jamoasi reytingning yetakchi beshtaligidan joy olgan. Bu esa oxirgi 10 yil davomida MBA jamoalari o‘rtacha hisobda 6 marta qimmatlashgani evaziga mumkin bo‘ldi.
 
Reytingdan 7 tadan beysbol jamoasi va futbol jamoasi joy olgan. Ta'kidlash joiz, reytingga kirgan futbol jamoalarining barchasi Yevropa klublaridir. Reytingga «Real», «Barselona», «MYu»dan tashqari, «Bavariya» (3,02 mlrd dollar), «ManSiti» (2,69 mlrd dollar), «Chelsi» (2,58 mlrd dollar) va «Arsenal» (2,27 mlrd dollar) kiritilgan.

Top