20:07 / 01.08.2020
13275
«O‘zbekneftgaz»: Energetika vaziri boshchiligida GTL zavodidagi qurilish-montaj ishlari holati o‘rganildi

Energetika vaziri Alisher Sultonov va «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodining qurilish maydonida bo‘lib, karantin qoidalariga rioya etilayotgan va amalga oshirilayotgan so‘nggi bosqich qurilish-montaj ishlari holatini o‘rgandi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli, zavodning qurilish maydonidagi ishchi-xodimlari uchun loyiha hududida 1400 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus karantin zonasi va 400 o‘rinli gospital tashkil etildi.

Shu jumladan, 5ta tez yordam mashinasi va 30dan ziyod tibbiyot xodimining doimiy navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, koronavirus testlari uchun uskunalar, pulsoksimetr, oksigenerator va boshqa zaruriy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan maxsus laboratoriya va dori-darmonlarning zaxirasi yaratildi.

Energetika vaziri tashrif davomida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan ishlash va yashash sharoitlarini to‘liq o‘rgandi va «Uzbekistan GTL» MChJ va «Sho‘rtan GKM» MChJ hamkorligida tashkil etilgan qo‘shimcha maxsus laboratoriya bilan ham tanishdi.

PZR testlarni bajarish uchun xarid qilingan uskuna va dori-darmon zaxirasi bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

«Uzbekistan GTL» rahbari tomonidan qurilish maydonida sanitariya-epidemiologiya holati yaxshilanguniga qadar ishchilar soni kamaytirilgani, shu jumladan loyihaga jalb etilgan ishchi-xodimlarga munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratilgani hamda o‘z vaqtida ish haqlari to‘lab berilayotgani borasida axborot berildi.

Ta'kidlash kerakki, mintaqadagi eng innovatsion ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lishi kutilayotgan ushbu zavodda karantin va xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda ish bir necha smenada tashkil qilingan bo‘lib, qurilish ishlari shu yilning oxirida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Tashrif davomida Energetika vaziri rahbarligida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining loyiha bajarilishini ta'minlash yuzasidan topshiriqlar ijrosi holati o‘rganilib chiqildi, qurilishni yakunlash bo‘yicha muammoli masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, GTL zavodini ishga tushirish va sozlash ishlarini sifatli bajarilishini ta'minlash, shu ishlarni bajaradigan va keyinchalik zavod ekspluatatsiyasini amalga oshiradigan mutaxassilarning bilim saviyasi, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borish zarurligi alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda Energetika vazirligi, «O‘zbekneftgaz» AJ, «Uzbekistan GTL» MChJ, «Sho‘rtan GKM» MChJ, «Eriel Group» MChJlarning rahbarlari hamda bosh pudratchi – «Hyundai Engineering Ltd.» va «Enter Engineering Pte. Ltd.» konsorsiumi, loyihaning boshqaruvi bo‘yicha maslahatchisi – TechnipFMS kompaniyasining direksiya rahbarlari, shuningdek mas'ul mutaxassislar ishtirok etdi.

«Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsiya loyihasi doirasida pudratchilar tomonidan loyihani amalga oshirilishining umumiy ko‘rsatgichi 90 foizga bajarilgani ma'lum qilindi.

Qurilish maydoniga 93 foiz asosiy texnologik uskuna va qurilmalar yetkazilgani, shundan 73 foizi (yoki 34,1 ming tonnaga teng) zavodning texnologik hududiga o‘rnatilgani ta'kidlandi.

Ta'kidlash kerakki, to‘liq loyihalash quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top