08:11 / 01.08.2020
17904

O‘zini o‘zi band qilganlar soni 200 mingdan oshdi. Hududlar kesimida yetakchilar ma'lum bo‘ldi

O‘zini o‘zi ish bilan ta'minlashni istovchilar uchun ish staji va pensiya hisoblanishi mumkin bo‘lgan, qonuniy bandlikning yangi maqomi – “o‘zini o‘zi band qilgan shaxs” joriy etildi.

1 iyuldan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq organlariga tashrif buyurmasdan ro‘yxatdan o‘tishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etildi. Buning uchun, SOLIQ mobil ilovasini yuklab olib, uning “O‘zini o‘zi band qilish” bo‘limidan foydalanish kifoya.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2020 yil 30 iyul holatiga o‘zini o‘zi band qilganlarning umumiy soni 201 283 nafarni tashkil etdi. Hududlar kesimida yetakchi uchlik – Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlari.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun mavjud bo‘lgan 67 turdagi faoliyatdan Axborot kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar (ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, dasturiy ta'minot, mobil ilovalar va veb saytlarnii ishlab chiqish, matnni yaratish va ishlov berish) - 2 995 nafar shaxs o‘zini o‘zi band qilgan.

Eng ommabop – Maishiy xizmatlar (sartaroshlik, manikyur, kosmetolog, pedikyur, uyda kir yuvish va dazmollash, kalitlar tayyorlash, poyabzal tikish, ta'mirlash va bo‘yash xizmatlari). Mazkur yo‘nalishda 54 932 nafar aholi band.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar (chorva mollarini o‘tlatish, ularni parvarish qilish, qishloq xo‘jalik o‘simliklarini ekish va parvarish qilishda tomorqa egalariga yordam berish) sohasida esa 42 947 nafar shaxs o‘zini o‘zi band qilgan.

Sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar (yog‘och me'morchiligi, santexnika xizmati, elektr montaj ishlari, makulatura, plastik idish, temir tersak to‘plash va qo‘shimcha xomashyo to‘plash) bilan 34 768 nafar shaxs shug‘ullanmoqda.

Ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar (uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish, uy xo‘jaligini yuritish, xonalarni tozalash, xalq tabobati) sohasini 33 837 nafar shaxs ma'qul topgan.

Xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda (non, uyda pop-korn, muzqaymoq, salatlar, salqin ichimliklar, ayron, go‘ja hamda dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish) 31 788 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tdi.

O‘zini o‘zi band qilishning afzalliklari haqida eslatib o‘tilgan:

mehnat faoliyati natijasida olgan daromadlar jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;

bir yilda bir marta ijtimoiy soliq to‘lash kifoya (2020 yil uchun eng kamida 111 500 so‘m);

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydilar.

Top