00:07 / 01.08.2020
8407
Polsha Seymi: Smolenskdagi aviahalokatga trotilning ikki marta portlashi sabab bo‘lgan

Polsha parlamentida 2010 yilda Rossiyaning Smolensk shahri aeroporti ostonasida prezident Lex Kachinskiy bortida bo‘lgan Tu-154M samolyoti halokati sabablarini qayta o‘rganish yakunlari e'lon qilindi. O‘sha aviahalokatda Polsha prezidenti bilan birga 95 nafar oliy martabali siyosatchilar va harbiylar halok bo‘lishgan edi.

Fojia jihatlarini o‘rgangan parlament komissiyasi xulosasiga ko‘ra, samolyot bortida ikki bor portlash ro‘y bergan – chap qanot sohasida va samolyotning markaziy bo‘lmasida. «Polsha radiosi» xabariga ko‘ra, samolyot parchalarida mutaxassislar trotil, geksogen va pentrit izlarini topishgan. Portlash fakti samolyotning buzilish xarakteri, parchalarning sochilishi, shuningdek, halok bo‘lganlarning jarohatlari bilan tasdiqlanadi.

«Rossiyalik surishtiruvchilar manziligi Polsha samolyotining qulashi sabablarini o‘rgana turib, uning sahnida portlash bo‘lganini yashirganlik ayblovi yangramoqda», – deyiladi xabarda.

Seymdagi komissiya raisi Antoni Matserevich samolyotning so‘nggi daqiqalari modellashtirilgan videoni Tvitterga joylashtirgan.

2010 yilning 10 aprelida Polsha HXKga tegishli Tu-154 samolyotida siyosatchilar, harbiylar va boshqa oliy martabali shaxslardan iborat delegatsiya Rossiyadagi Katin shaharchasiga SSSR NKVDsi tomonidan 1940 yilda otib tashlangan polshalik harbiylar xotirasini yod etish uchun yo‘l olishgan edi. Samolyot bortida Polsha prezidenti Lex Kachinskiy, uning rafiqasi, Polsha oliy qo‘mondonligidan bir necha general, Polsha prezidenti ma'muriyatidagi muhim shaxslar ham bor edi.

Bungacha halokat sabablarini vazir Antoniy Matserevich boshchiligidagi Polsha mudofaa vazirligi o‘rgangan edi. 2018 yilda u samolyotning qulashiga uning bortidagi portlashlar sabab bo‘lganini aytib o‘tgan edi.

Rossiya tergov qo‘mitasi samolyot bortidagi portlash versiyasini asoslanmagan deb hisoblaydi. Rossiya tomoni versiyasiga ko‘ra, falokatda ko‘rish yomon bo‘lgan sharoitlarda samolyotni qo‘ndirishga uringan va zaxira aerodromiga uchib ketishni rad etgan polyak uchuvchilari aybdor. Natijada, samolyot odatdagidan tezroq pastlab, oqqayinga urilgan va boshqaruvni yo‘qotib, teskari bo‘lib ketgan.

Polshada laynerning falokatida ayb Rossiya tomoniga ag‘darilmoqda. Matserevichning hisoblashicha, rossiyalik dispetcherlar va nomi aytilmayotgan «uchinchi shaxs» qasddan Polsha hukumat laynerining halokatini keltirib chiqargan.

RF prezidenti Vladimir Putin bir necha yil avval Polsha hukumatiga Smolenskdagi falokatni «unutib», rus-polyak munosabatlarini rivojlantirishni davom etishni taklif etgandi.

«Bema'ni gap-so‘zlarni bas qilish kerak. Biz bu ofat, falokatni birgalikda boshdan kechirdik, endi yo‘q joydan uydirmalar to‘qib chiqarish yaramaydi. Fojia yuz berdimi — unga fojia kabi munosabatda bo‘lish kerak», – degan Putin samolyot bortida portlash bo‘lgani ehtimoli va Polshada bu borada olib borilayotgan surishtiruvlar to‘g‘risidagi savolga javob bera turib.

«Bu fojiaga yopishib olish – rus-polyak munosabatlariga kelgusida zarba beradi. Munosabatlar esa ichki siyosiy kurashlardan muhimroq. Sahifani ag‘daring, ulg‘aying, balog‘atliroq bo‘ling», – degandi Putin.

Top