07:12 / 01.08.2020
20185
Suv xo‘jaligi sohasida islohot kutilyapti. Prezident farmoni loyihasi e'lon qilindi

Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Prezidentning “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

suv resurslarini boshqarish va hisobini yuritish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta'sirini oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

Respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, suv resurslarini samarali boshqarish va foydalanishni ta'minlash;

yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta'minlash choralarini ko‘rish, suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va autsorsingni joriy qilish;

loyiha-qidiruv, ekspertiza va qurilish ishlarini sifatli tashkil qilish, suv xo‘jaligi obektlarini modernizatsiyalash va rivojlantirish, ishonchli va xavfsiz ishlashini ta'minlash, toifalangan suv xo‘jaligi obektlarini loyihalash va ekspertiza qilish ishlariga xorijiy mutaxassislarini jalb qilish;

har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligi va obektning xavfsizligini aniq ko‘rsatkich va mezonlar asosida chuqur tahlil qilish orqali ustuvor loyihalarni belgilash va amalga oshirish;

suv xo‘jaligi sohasida resurstejamkor texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari, ilg‘or xorijiy tajribalarni keng qo‘llash;

suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda tegishli ma'lumotlar bazasini shakllantirishda raqamli iqtisodiyot sohasidagi ilg‘or ishlanma va texnologiyalarni joriy qilish;

suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta'lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etish;

transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlar) jalb qilish, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasidan sun'iy suv obektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanilishi hamda suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta'minlashga mas'ul bo‘lgan 295 ta xodimlar shtat birligi bilan birga Inspeksiyaga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining:

a) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Jahon banki loyihalarni amalga oshirish guruhi, Osiyo taraqqiyot banki loyihalarni amalga oshirish guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhlari loyihalarini amalga oshirish guruhi negizida:

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligini;

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish agentligini tashkil qilish;

b) tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo‘limlarini tuman (Quvasoy shahar) suv xo‘jaligi bo‘limlari etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi suv xo‘jaligi sohasidagi qurilish tashkilotlarini soha bo‘yicha ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish yuzasidan bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan e'tiboran:

barcha yer usti sun'iy suv obektlari bo‘yicha suvdan foydalanish va suv iste'moli bo‘yicha nazorat hamda barcha yer usti sun'iy suv obektlariga suvni muhofaza qilish va sohil bo‘yi mintaqalarini belgilangan tartibda o‘rnatilishi ustidan nazorat Inspeksiya tomonidan amalga oshirish;

Inspeksiyaga tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida 1 kundan oshmagan holda o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda, suv xo‘jaligi sohasida davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi xarajatlarining sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda:

joriy yilning 1 oktyabriga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi kollejlar huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda suv xo‘jaligi sohasidagi muhandis mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida hududiy malaka oshirish markazlarini tashkil etadi;

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida rahbar xodimlar malakasini oshirish hamda hududiy malaka oshirish markazlari uchun trenerlar tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish;

Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari loyihalarini kiritadi.

Top