22:51 / 01.08.2020
14528
Vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlari karantin cheklovlari o‘rnatilgan davrga mo‘ljallangani ma'lum qilindi

Canitariya-epidemiologiya xizmati boshqarma boshlig‘i Rustam Ikromovning ta'kidlashicha, vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlari karantin cheklovlari o‘rnatilgan davrga mo‘ljallangan. Ushbu qoidalar cheklovlar bekor qilingan oyning oxirigacha amal qiladi.

«Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham pandemiya davrida faoliyat yuritayotgan sohalar mavjud. Bu sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishdan saqlash maqsadida bajarilishi shart bo‘lgan vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlari ishlab chiqilgan va ular Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan. Ularda tashkilotlar tomonidan pandemiya davrida ishni tashkil etish uchun nimalarga e'tibor berish kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlarida bir necha tadbirlar majmuasi ko‘rsatib o‘tilgan. Ulardan biri tashkiliy tadbirlar hisoblanib, unga ko‘ra pandemiya davrida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlarga tashqaridan infeksiyani olib kirmaslikka qaratilgan talablar belgilangan. Jumladan, korxonaga kirib kelish joyida o‘ziga xos epid-barerni hosil qilish kerak bo‘ladi.

Tashqaridan kirib kelayotgan fuqaro tashkilot xodimi yoki begona shaxs bo‘ladimi, kim bo‘lishidan qat'i nazar, kontaksiz ishlaydigan termometrlar orqali ularning isitmasi bor-yo‘qligi tekshirilishi, qo‘llariga gigiyenik ishlov berilishi, korxona hududiga kirayotgan barcha odamlarda tibbiy niqob bo‘lishi majburiy etib belgilangan. Tashkiliy tadbirlardan yana biri shundan iboratki, korxona hududiga ishchilar kirayotganda ularning orasidagi ijtimoiy masofa 2 metrdan kam bo‘lmasligi shart.

Shu bilan birga, ishlab faoliyati tiklangan yoki pandemiya davrida ishlashiga ruxsat berilgan korxona va tashkilotlarning har biriga chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda alohida talablar ham belgilangan. Bu talablar JSST tavsiyalari hamda rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan tartiblar asosida joriy etilmoqda.

Vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlari karantin cheklovlari o‘rnatilgan davrga mo‘ljallangan. Ushbu qoidalar cheklovlar bekor qilingan oyning oxirigacha amal qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu qoida va me'yorlarga bo‘ysunish fuqarolardan ortiqcha mablag‘ni talab qilmaydi. Ularga amal qilish ish beruvchining majburiyati hisoblanadi», deya Rustam Ikromovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, korxona yoki muassasada koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ish beruvchi tomonidan koronavirusga chalingan xodimlarni davolashga sarflanadigan barcha xarajatlarni qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Bu norma vaqtinchalik sanitariya qoidalari va me'yorlari buzilgani yoki lozim darajada amal qilinmagani tasdig‘ini topgandagina qo‘llaniladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top