19:07 / 01.08.2020
11324
Xorazmda ham fuqaro o‘z mulkiga egalik qila olmayapti. Onlayn auksion g‘oliblari nega yillab sarson bo‘lmoqda?

«Men ko‘chmas mulkni firibgarlardan emas, davlatdan sotib oldim, deb o‘ylagandim. Adashganga o‘xshayman!» - Xiva tumanida yashovchi fuqaro «E-IJRO AUKSION» orqali sotib olgan binosiga hamon egalik qilolmayapti. U MIB va IIB o‘rtasida «koptok» qilinmoqda.

Bundan bir yil oldin Xiva tumanida onlayn auksion orqali bino sotib olib, bugunga qadar unga egalik qilolmay kelayotgan Ergash Kuliyev Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘lladi. U voqeani quyidagicha hikoya qiladi.

«2019 yil 10 iyun kuni «E-IJRO AUKSION» orqali Xiva shahar Lolazor mahallasida joylashgan umumiy yer maydoni va qurilish osti maydoni 110,88 kv.m., foydali maydoni 94,84 kv.m. bo‘lgan 2ta xonadan iborat 1 qavatli do‘kon binosini sotib olgan edim.

Xiva shahar majburiy ijro bo‘limiga borganimda: «Bo‘ldi, do‘kon binosi sizniki, kadastr qildiravering», deyishdi va men kadastr hujjatlarini qildirdim. Hamma hujjatlarni rasmiylashtirdim, hatto binoning 2019 yil uchun mulk solig‘idan qarzini ham to‘ladim.

Lekin, binoga borganimda, joyning oldingi egasi u yerni bo‘shatib berishdan bosh tortdi. Auksion qoidasida sotilishidan oldin bino muhrlangan bo‘lishi va ijrochilar g‘olibga bino muhrini ochib topshirishi kerak ekan. Amalda esa bunday bo‘lmadi.

Binoni bo‘shatishlari uchun sudga da'vo ariza kiritdim. Ikki oy deganda, ya'ni 2019 yil 13 sentabr kuni sud binoni majburiy bo‘shatish to‘g‘risida qaror chiqarib berdi. Majburiy ijro xodimlari esa sud qarorini to‘liq ijro etishdan bo‘yin tovlashmoqda».

Ma'lum bo‘lishicha E.Kuliyev bu muammo yuzasidan bir nechta idoralarga murojaat qiladi.

Jumladan, 2020 yil 23 iyun kuni MIB Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan E.Kuliyevning sud qarori ijrosi ta'minlanmayotganidan norozi bo‘lib, MIB «Ishonch telefoni»ga yo‘llagan murojaati yuzasidan berilgan javobda FIB Bog‘ot tumanlararo sudining 2019 yil 13 sentyabrdagi javobgar B.Ibodullayev va M.Ibodullayevlarni E.Kuliyevga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan binodan majburiy tartibda chiqarish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha Byuroning Xiva shahar bo‘limi tomonidan 2019 yil 8 oktyabrda ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgani aytiladi.

Shuningdek, javob xatida murojaatni ko‘rib chiqish davomida davlat ijrochilari tomonidan 2020 yil 23 iyunda olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor B.Ibodullayev va M.Ibodullayevlar E.Kuliyevga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan binodan chiqarilib, bino muhrlangan holda unga topshirilgani va ijro hujjati 2020 yil 23 iyunda qonunga asosan tamomlanib, talabi qanoatlantirilgani ma'lum qilingan.

Ammo, E.Kuliyevning aytishicha, do‘kon binosida avtosex yuritayotgan avvalgi egalarini chiqartirish uchun bir necha bor MIB xodimlari bilan tashrif buyurganida har safar negadir, ular bu binoda bo‘lishmagan va binoga qulflangan holida duch kelaverishgan.

E.Kuliyev ularga bu aldamchi vaziyat ekanini, chunki ichkarida ularning asbob-uskunalari turganini, majburiy chiqarishni to‘liq amalga oshirishni va ularning asbob-uskunalarini ham olib chiqib ketish lozimligini ta'kidlagan. Ammo MIB xodimlari buyumlarni olib chiqib ketish ichki ishlar xodimlarining ishi ekanini aytishgan.

Shundan so‘ng, E.Kuliyevning navbatdagi murojaati Xiva tumani IIB tomonidan o‘rganilib, murojaatdagi masala ichki ishlar organlariga taalluqli emasligi tufayli MIB Xiva shahar bo‘limiga yo‘naltirilgani to‘g‘risida ma'lumot beriladi.

MIB xodimlari do‘konda hech kim ishlamayotganini iddao qilib, ijro ishi yuritishni tamomlash lozimligi to‘g‘risida qarorga kelishgan. Biroq, E.Kuliyevning aytishicha, amalda do‘konning sobiq egalari binoda hamon faoliyat olib bormoqda, MIB xodimlari esa ijroni amalga oshirmagan, binoni esa avvaldan bo‘shatib qo‘yishmagan.

Shuningdek, bino muhrlab ketilganidan so‘ng, binoning avvalgi egalari muhrni buzib kirib olishganida, ularga hech qanday chora ko‘rilmagan.

«Bu joyni tadbirkorlik qilaman deb olgandim. Bu qanday o‘yin o‘zi? Qonunda haqiqatdan ham shundaymi? Men ko‘chmas mulkni firibgarlardan emas, davlatdan oldim, deb o‘ylagandim. Adashganga o‘xshayman. Bu ishlarda aybdor kim? Davlatga ishonib pul to‘lagan menmi yoki o‘z ishini vijdonan bajarmayotgan mas'ullarmi? Nimaga pulini olgandan keyin mulkni olib berishmaydi?

Majburiy chiqarish to‘g‘risida sud qarori chiqqan. Portalga yozsam, bino o‘zingizga topshirilgan, MIBga yozsam ijro ta'minlangan, degan javob keladi. Vaholanki, menga hech kim binoni topshirmagan, sud qarori ham ijro etilmagan» – deydi hafsalasi pir bo‘lgan E.Kuliyev.

Tahririyatga kelib tushayotgan shikoyatlar mazmunidan shu narsa ayon bo‘lmoqdaki, xivalik Ergash Kuliyev onlayn auksiondan mulk sotib olib, buning ortidan o‘ziga bitmas-tuganmas boshog‘riq orttirganlarning birinchisi ham, oxirgisi ham emas.

Ishtixon mashina-traktor parkini yutib olib, u yerga kira olmagan San'at Qodirov, Bo‘stonliq tumanidagi «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasiga qarashli bino-inshootlarni yutib olgan-u 900 ming AQSh dollari havoga sovurilgan «Kavsar madad» xususiy korxonasi yoki prokuror tomonidan sindirilayotgan bekobodlik yosh tadbirkorlardan tashqari yana o‘nlab shu kabi murojaatlar tahririyatda o‘rganib chiqilishini kutib yotibdi.

Muammoning tub ildizi qayerda ekani haqidagi masalalarga nomukammal bu tizimning qusurlari haqidagi tahliliy maqolamizda alohida to‘xtalamiz.

Hozircha xivalik fuqaroning iztiroblari yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va boshqa rasmiy idoralardan javob kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top