13:34 / 02.08.2020
6396
Hindistonda 100 ga yaqin taksichini o‘ldirishda gumon qilingan sobiq shifokor qo‘lga olindi 

Hindiston politsiyasi sobiq shifokor, 100 ga yaqin qotillikni amalga oshirishda gumon qilinayotgan 62 yoshli Davendra Sharmani qo‘lga oldi. Erkak politsiyadan yarim yil davomida yashirinib yurgandan keyin Dehlida hibsga olingan, deb xabar berdi The Indian Express nashri.

Foto: Tribune.com

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Sharma 2004 yilda tana a'zolarini noqonuniy ko‘chirib o‘tkazishga aloqadorligi uchun umrbod qamoq jazosi olgan. U o‘z qilmishi uchun Jaypurning markaziy turmasida 16 yil o‘tkazgan va yaxshi xulqi uchun 20 kunga ozodlikka chiqarilgan. 

Biroq sobiq shifokor turmaga qaytishni istamagan va fursatdan foydalanib, qochib ketgan. U qo‘shni shtatga ko‘chib o‘tib, yarim yil davomida politsiyadan yashirinib yurgan. Qochoq bu vaqt ichida uylanishga va hattoki ko‘chmas mulk bilan bog‘liq firibgarlikda ishtirok etishga ulgurgan.

Sharma hibsga olingandan keyin 2000-yillar boshida taksichilar o‘ldirilishiga aloqadorligini aytib bergan. U va uning sheriklari haydovchilarni aldab-avrab, so‘ngra ularni o‘ldirishgan. Jasadlar esa Kasganja shahridagi timsohlar bilan to‘lib-toshgan Hazar kanaliga tashlangan. Jinoyatchilar shu tariqa o‘z qabih ishlari izlarini yo‘qotmoqchi bo‘lishgan, qurbonlar avtomobillarini esa sotib yuborishgan.

Politsiyada ta'kidlanishicha, Sharma hibsga olinish vaqtida o‘zini bamaylixotir tutgan va qochishga urinmagan. U bir kun davomida so‘roq qilingan. Undan o‘sha kezlarda OAVda 100 ga yaqin qotilliklar haqida xabar qilingani borasida so‘ralganda, u 50-qurbondan keyin hisobdan adashib ketganini aytgan. “Balki 100 nafar bo‘lgandir. Buni eslab qolish osonmas”, deb javob qilgan jinoyatchi. 

Top