09:31 / 02.08.2020
8180
JSST pandemiya bilan bog‘liq xalqaro favqulodda rejimni yana 3 oyga uzaytirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holda kiritilgan xalqaro favqulodda vaziyat rejimini yana 3 oyga uzaytirdi. Bu haqda JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi o‘z yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra ma'lum qildi.

Qo‘mita a'zolari pandemiya hali ham jamoat salomatligi uchun favqulodda vaziyatni bildirishiga bir ovozdan rozi bo‘lgan.

Qo‘mita JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusga ushbu rejimni uzaytirishni tavsiya qilgan. Gebreyyesus o‘z navbatida bunga rozi bo‘lgan. Shu munosabat bilan “qo‘mita bosh direktor qarori bilan yaqin 3 oy davomida yana chaqirtiriladi”.

JSST rahbari yig‘ilishda yangi pandemiya o‘zidan “100 yilda bir marta yuz beradigan inqirozni aks ettirishini, uning oqibatlari yana o‘nlab yillar davomida sezilishini” ta'kidlab o‘tgan. 

Gebreyyesusning aytishicha, ayni vaqtda “ko‘plab masalalar hal qilingan, biroq hali o‘z yechimini kutayotgan talaygina masalalar bor”. JSSTda immunitetni o‘rganish bo‘yicha mavjud bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, sayyora aholisining aksariyati, hattoki virusning jiddiy avj olishini boshdan kechirgan hududlardagi aholi koronavirusga chalinishga moyil bo‘lib qolmoqda.  

Qo‘mita JSSTga pandemiyaga qarshi kurashga xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarni “muvofiqlashtirish va safarbar qilishni”, davlatlarga koronavirusga qarshi kurashda yordam berishni va koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni tezlashtirishda ko‘mak berishni davom ettirishni tavsiya qilgan. 

Bu yig‘ilish JSSTning 18 ekspert va 13 maslahatchidan iborat favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasining pandemiya boshidan beri 4-yig‘ilishi bo‘ldi. Undan maqsad dunyoda pandemiyaga qarshi kurashning joriy holatini baholash va virus tarqalishiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Avvalgi yig‘ilishlar 22-23 yanvar, 30 yanvar va 30 aprelda bo‘lib o‘tgandi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top