04:15 / 02.08.2020
49739

Karantin cheklovlari yumshagan Turkiya: masjidlar ochiq, plyajlar to‘lib-toshgan, yo‘llarda tirbandlik

Bugungi kunga kelib Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni qariyb 231 mingni, vafot etganlar soni esa 6 mingga yaqinni tashkil qilmoqda. So‘nggi oylarda kunlik o‘limlar soni asosan 15-20 ta bo‘lmoqda. Mamlakatda koronavirus chora tadbirlari doirasida qabul qilingan deyarli barcha jiddiy cheklovlar bekor qilingan.

Cheklovlar qachon va qanday bekor qilindi?

Turkiyada 1 iyun kuni ba'zi cheklovlar olib tashlandi, koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlarning bir qismi esa Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 9 iyun kuni qilgan ochiqlamasi ortidan bekor qilindi. Xususan, 65 yoshgacha bo‘lgan insonlarga qo‘yilgan cheklovlar yengillashtirildi. 15 iyun kuni to‘yxonalar, 1 iyul kuni esa kino, teatr zallari ishga tushdi. Restoran, kafelarning yopilish vaqti soat 22:00 dan 24:00 gacha uzaytirildi.

Endilikda 65 yoshdan oshgan fuqarolar ham haftaning istalgan kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqa oladilar. 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga ham cheklovlar bekor qilingan. 

Qanday qoidalar hamon amalda?

May oyi oxirida qabul qilingan qarorlar bilan, 1 iyundan restoran va kafelar kabi ochilib, shaharlar orasidagi sayohat cheklovlari olib tashlandi.

Restoran, kafe, qandolatxonalar, qahvaxona, SPA salonlari, sauna, issiq buloq, turkcha hammom va suzish havzasi kabi joylar, shuningdek, sport markazlari 24.00 gacha «belgilangan qoidalar» asosida xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda park va bog‘lar, piknik joylari, hordiq chiqarish va ko‘ngilochar maskanlar, plyajlar, muzeylar xalq uchun ochiq. Hayvon do‘konlari, kunduzgi parvarish markazlari, haydovchilik maktablari, kutubxonalar, yoshlar markazlari ham o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Foto: Anadolu

Dengiz sayohati va transportidagi cheklovlar ham ma'lum qoidalar doirasida olib tashlangan. Qisqasi, odamlar sayohat qilish, diqqatga sazovor joylarda sayr qilish, baliq ovlash kabi sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish imkoniga egalar. Faqat atigi uch shartga rioya qilsalar kifoya: niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va tozalik qoidalariga rioya qilish.

Foto: Anadolu

Koronavirus epidemiyasi sababli ma'muriy ta'tilga chiqarilgan yoki moslashuvchan ish tizimiga o‘tgan davlat xizmatchilari ham bugungi kunga kelib odatdagi ish soatlariga qaytdilar. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanmagan surunkali xastalikka chalingan jamoat xodimlarining sog‘lig‘i ular ishlaydigan muassasalar tomonidan kuzatib borilishi nazarda tutilgan.

Qurbon hayiti namozi qanday o‘qildi?

Turkiyaning ko‘plab masjidlari, xususan, jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lgan Ayo Sofiya jome'sida ham Qurbon bayramining birinchi kuni va juma namozi sababli gavjumlik kuzatildi. 86 yillik tanaffusdan so‘ng bu masjidda ilk bor Qurbon hayiti namozi ado etildi.

Foto: Anadolu

Odamlar politsiya tomonidan hosil qilingan koridor shaklidagi to‘siqlar orqali nazorat ostida qabul qilindi. Ta'kidlash joizki, Ayo Sofiyaga kelganlar orasida boshqa musulmon mamlakatlardan tashrif buyurgan turistlar ham bor edi.

Foto: Anadolu

Masjid va uning tashqi maydonidan joy ololmagan odamlar ko‘chalarga joynamoz yoyishdi. Fatih hokimiyati jamoasi tomonidan tashkil qilingan stendlarda esa mahalliy aholi va turistlarga ovqat va ichimliklar tarqatildi.

Foto: Anadolu

Yo‘llar tirband, sohillarda esa joy yo‘q

Bugun Bodrum, Marmaris, Didim va Kushadasi kabi sayyohlik markazlariga olib boruvchi Soke tumanida Qurbon bayrami ta'tiliga otlangan insonlarga tegishli avtoulovlarning 5 kilometrlik navbati paydo bo‘ldi. Ba'zi dam oluvchilar sohildan joy topishga qiynalishmoqda.

Foto: Anadolu

Antaliyaning mashhur Konyaalti plyajlari qurbonlik bayramining ikkinchi kuni ham gavjum. Kemer tumanidagi dengiz kemalari esa dunyoning turli nuqtalaridan kelgan kelgan sayyohlarni O‘rta Yer dengizi sohilida birlashtirmoqda. Mehmonlar tana haroratlari o‘lchangan holda kemalarga chiqarilmoqda. Ammo shunda ham, umumiy miqyosda olganda, Sovid-19 doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlarga qisman amal qilinishi kuzatilmoqda.

Foto: Anadolu

Turizm sohasi mutaxassislari dam olish maskanlarida harakat kun o‘tgan sayin ortib borayotganini ta'kidlamoqda. «Biz viloyat va shaharlarimizni to‘siqsiz holga keltirib, vatandoshlarimizning baxtli va osoyishta hayot kechirishlarini ta'minlash uchun ishlayapmiz», – dedi Atrof-muhit va shaharsozlik vaziri Murod Kurum.

Foto: Anadolu

Burdur tumani hokimi Ali Arslontosh esa oppoq qumlari bilan  mashhur bo‘lgan va Turkiyaning «Maldiv oroli» sifatida tanilgan Salda ko‘liga sayyohlarni chorlar ekan, «Odamzod hali Marsga bora olganicha yo‘q, lekin siz Salda ko‘limizga kelishingiz mumkin», dedi.

Foto: Anadolu

Saqariyaning 60 ming aholiga ega Qorasuv tumani ham bugun sayyoh va mehmonlar bilan to‘lib toshgan. Yotoqxonalar va mehmonxonalar 100 foiz to‘lgani aytilmoqda.

Foto: Anadolu

Istanbul aholisi ham bayram kunlarini sohil va xiyobonlarda o‘tkazmoqda. Bayram tantanasi munosabati Bosfor, O‘rtako‘y, Bebek, Sariyer, Avjilar, Bo‘stani, Moltepa va Qartal aholisi dengiz qirg‘oqlariga kelib, istirohat bog‘larida sayr qilishmoqda. Ba'zi fuqarolar esa Kuchukchekmejye ko‘li bo‘yida baliq ovlashni afzal ko‘rishmoqda. Avjilar Pashayeli shahar bog‘ida odamlar niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha anonslar orqali muntazam ogohlantirib turilibdi.

Otabek Tillayev,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top