17:10 / 02.08.2020
24003
«Prezident farmoni bo‘yicha pul hali tarqatilmagan» - Vazirlik bir martalik yordam olmaganini aytgan shikoyatchiga javob berdi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva aholidan kelib tushayotgan savollarga javob berdi.

Xususan, murojaatlardan birida prezidentning 2020 yil 30 iyuldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 6038-son farmoni bo‘yicha murojaatchining mahallasida pul mablag‘lari tarqatib bo‘lingani, biroq ehtiyojmand bo‘lishiga qaramay, murojaatchiga oilasiga pul berilmaganiga izoh so‘ralgan.

«Hurmatli yurtdoshlar, muhtaram prezidentimizning ushbu farmoni bo‘yicha nazarda tutilgan pul mablag‘lari hali tarqatilgani yo‘q. Bu borada tegishli ro‘yxatlar qayta ko‘rib chiqilmoqda, aholining ehtiyojmandlik darajasi aniqlanmoqda. Siz nazarda tutgan pul mablag‘lari Koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 iyuldagi 346-F-sonli farmoyishi asosida tarqatildi.

Sizning savolingizdan kelib chiqsak, siz o‘zingiz yashaydigan mahallaga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Murojaatingiz ko‘rib chiqilib, sizga yordam ko‘rsatiladi yoki asosli tarzda xulosa beriladi», - dedi vazirlik rasmiysi bu savolga javoban.

Shuningdek, mahalla raisi bir marta saylansa, o‘n yillab ishlab yuraverishi haqidagi savolga ham javob berildi.

«Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari mahalla raislarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘shatish vakolatiga ega emas.

Zero, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasida belgilab qo‘yilganidek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mahallalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularning samarali faoliyat olib borishiga ko‘maklashadi. O‘z faoliyatiga nomunosib deb topilgan mahalla raislari haqida fuqarolar yig‘ini kengashiga tavsiya berishi mumkin.

Mahalla raisi saylanadi, uni xalq saylaydi. Xalq tomonidan ishonch bildirilib saylangan rais o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashmayotgan ekan, aholining o‘zi ularning faoliyatiga baho berishi kerak. Mahalla faoliyatiga befarq bo‘lmagan fuqaro o‘z mahallasi raisi faoliyati bo‘yicha bemalol fuqarolar yig‘ini bilan maslahatlashib qonuniy baho berishi mumkin.

Ushbu qonunning 24-moddasiga ko‘ra, Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:

  • u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda;
  • fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) umumqabul qilingan axloq, odob normalarini qo‘pol ravishda buzuvchi, rais (oqsoqol) maqomini badnom qiluvchi va fuqarolar yig‘ini obro‘siga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar va nojo‘ya ishlar sodir etgan, shuningdek o‘z vazifalarini muntazam ravishda uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan qaror qabul qilinganda;
  • u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
  • unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • u sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e'lon qilinganda;
  • u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
  • u sog‘lig‘i holati yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uch oy davomida o‘z vazifalarini bajara olmay qolganda;
  • u vafot etganda.

Xabaringiz bor, 2019 yil may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovi bo‘lib o‘tdi. O‘tgan 1 yildan ortiq vaqt mobaynida 501 nafar mahalla raislari ishdan bo‘shagan. Shundan 394 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 16 nafari hokimiyat yoki boshqa idoralar tavsiyasiga ko‘ra, 6 nafari xizmat vazifasini suiiste'mol qilgani uchun, 65 nafari boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan ishdan bo‘shagan. 26 nafari vafot etgan.

Joriy yilda 283 nafar fuqarolar yig‘inlari raislari ishdan bo‘shagan», degan bu haqdagi savolga javoban Saodat Boymirzayeva.

Top