14:50 / 02.08.2020
33412
Qanday hollarda xorijda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishi O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirilmasligi ma'lum qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashevning aytishicha, xorijda o‘qiyotgan oliy ta'lim muassasasi tomonidan talabaning o‘qishi to‘g‘risidagi so‘rovnomaga salbiy javob olingan taqdirda va boshqa holatlarda O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

«O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga quyidagi holatlarda o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo‘yilgan:

– davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotganlarga;

– masofaviy (onlayn) ta'lim shaklida tahsil olayotganlarga;

– xorijda o‘qiyotgan oliy ta'lim muassasasi tomonidan talabaning o‘qishi to‘g‘risidagi so‘rovnomaga salbiy javob olingan taqdirda», deya Farhod Babashevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlikning rasmiy saytida hamda Telegram’dagi kanalida kunduzgi, sirtqi, kechki ta'lim shakllari va qo‘shma dasturlar asosida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga oid ma'lumotlar yoritib borilmoqda.

Oliy ta'lim vaziri matbuot kotibi Transfer.edu.uz sayti orqali o‘qishni ko‘chirish uchun arizalarni onlayn qabul qilish yo‘lga qo‘yilgani, talabgorlar 5 avgustigacha ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkinligini ma'lum qildi.

«2020–2021-o‘quv yili uchun respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish (tiklash) istagini bildirgan fuqarolardan arizalar (hujjatlar) onlayn qabul qilinmoqda. Qabul qilingan aksariyat hujjatlar quyidagi sabablarga ko‘ra kamchiliklarni to‘g‘rilab qayta yuborish uchun qaytarilmoqda:

– pasport nusxasi (doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yilgan beti bilan birga) to‘liq yoki sifatli yuklanmagan (zero o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda talabaning doimiy yashash manzili asoslovchi sabablardan biridir);

– OTMda o‘qiyotganlik (o‘qiganlik) to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi hujjat (akademik ma'lumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript) nusxasi to‘liq yoki sifatli yuklanmagan;

– o‘qigan (o‘qiyotgan) OTM yoki ta'lim yo‘nalishi nomi to‘liq kiritilmagan;

– mavjud bo‘lmagan OTM yoki ta'lim shakli yoki ta'lim yo‘nalishiga ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tilgan.

O‘qishini ko‘chirish (tiklash) bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tayotgan fuqarolarga yuqoridagi holatlarni inobatga olishlari so‘raladi», deydi Farhod Babashev.

Oliy ta'lim vazirligi o‘qishini ko‘chirish (tiklash) bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan ammo arizalari dastur orqali rad etilgan fuqarolardan qayd etilgan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etgan holda kamchiliklarni to‘g‘irlab qayta jo‘natishlarini so‘ragan. Shu bilan birga, ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolardan o‘zlarining shaxsiy kabinetlariga kirib (ro‘yxatdan o‘tishdagi login va parol orqali) arizalarining ko‘rib chiqilish holatlarini doimiy kuzatib borishlarini eslatib o‘tgan. 

Top