00:11 / 02.08.2020
34531
SSV: O‘zbekistonda yana 774 kishi virus yuqtirdi, 835 kishi sog‘aydi. Jami holatlar 25 mingga yaqinlashmoqda

Kunlik o‘sish va sog‘ayish holatlari bo‘yicha yangi eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilishi davom etmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 avgust kuni mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 774ta yangi holat aniqlangani haqida xabar berdi. Bu – hozirgacha kuzatilgan eng yuqori kunlik o‘sish.

Shu bilan birga, kun davomida COVID-19`dan tuzalganlar soni bo‘yicha ham rekord yangilandi – 835 bemor kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Vazirlik yana 5ta o‘lim holati haqida xabar berdi, ularning barchasi – Toshkent shahrida ro‘y bergan.

Endilikda SSV statistikasiga asosan, jami holatlar soni 24 783, tuzalganlar 15 299 nafar, vafot etganlar kamida 147 kishini tashkil etmoqda.

Yangi holatlar (+774)

774ta yangi holatning barchasi «koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgani sababli namuna olingan fuqarolar orasida» aniqlangan.

14ta hududiy birlikning 10tasida yangi zararlanish holatlari qayd etildi.

  • Toshkent shahri – 484
  • Toshkent viloyati – 190
  • Andijon viloyati – 22
  • Buxoro viloyati – 21
  • Qashqadaryo viloyati – 18
  • Sirdaryo viloyati – 16
  • Farg‘ona viloyati – 13
  • Navoiy viloyati – 4
  • Surxondaryo viloyati – 4
  • Qoraqalpog‘iston – 2

Tuzalganlar (+835)

O‘zbekistonda ketma-ket oltinchi kun sog‘ayish bo‘yicha rekord yangilanmoqda. 1 avgustda 11ta hududda jami 835 kishining tuzalgani ma'lum bo‘ldi.

  • Toshkent shahri – 396
  • Toshkent viloyati – 184
  • Buxoro viloyatida – 98
  • Surxondaryo viloyati – 36
  • Andijon viloyati – 32
  • Samarqand viloyati – 30
  • Qashqadaryo viloyati – 17
  • Namangan viloyati – 15
  • Sirdaryo viloyatida – 14
  • Navoiy viloyati – 5
  • Jizzax viloyati – 4
  • Farg‘ona viloyati – 4

Davolanayotganlar va og‘ir ahvoldagi bemorlar

Rasmiy statistikaga ko‘ra, kasallik qayd etilgan jami 24 783 bemordan 15 299 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 61 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan 9 337 kishi davolanmoqda.

Ulardan 592 nafarining ahvoli og‘ir, 185 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Qurbonlar (+6)

SSV 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari Musa Yerniyazovning vafotini tasdiqlab, undan tashqari koronavirusdan yana 5ta o‘lim holati haqida xabar berdi.

Beshala holat ham O‘zbekistonda koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turgan poytaxt Toshkent shahrida qayd etilgan, barcha holatlar yoshi 50dan oshgan bemorlar bilan bog‘liq.

Vazirlik rasmiy statistikasida o‘lim holatlari soni 147taga yetdi. Ammo bu hisobdan O‘zbekistondagi barcha o‘lim holatlari ham o‘rin olayotgani yo‘q.

1 avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov 58 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etdi. Shuningdek, Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov 31 iyul kuni, 53 yoshida pandemiya qurboni bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Ushbu ikki holat bo‘yicha SSV axborot berganicha yo‘q.

Birinchi o‘lim. 26 iyul kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 75 yoshli erkak vafot etdi.

Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 75 yoshli K.X. (erkak)da joriy yil 26 iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. 20 iyul kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan 67 yoshli ayol vafot etdi.

Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 67 yoshli M.T. (ayol)da 12 iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan, uy sharoitida davo muolajalarini olgan. 20 iyul kuni esa nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. 15 iyul kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan 59 yoshli ayol vafot etdi.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashagan 59 yoshli M.M. (ayol)da 15 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Bemorda 2014 yil buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgan bo‘lib, 2017 yilda ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak o‘z vazifasini bajarishdan to‘xtagan va u doimiy gemodializ olib yurgan. Shuningdek, unda qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, surunkali buyrak yetishmovchiligi, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. 20 iyul kuni Zangiotadagi ixtisoslashtirilgan shifoxonaga yotqizilgan 67 yoshli erkak vafot etdi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli Q.N. (erkak)da 20 iyul COVID-19 tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. 25 iyul kuni Zangiotadagi ixtisoslashtirilgan shifoxonaga yotqizilgan 64 yoshli erkak vafot etdi.

Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli A.T. (erkak)da 25 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib nafas yetishmovchiligi kuchaygani sababli yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik nafas yetishmovchiligining 3-darajasi hamda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 3-darajasi va semizlikning ham 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top