15:41 / 02.08.2020
6294
«TATUda bir o‘ringa 68 ta hujjat topshirildi» – Magistratura imtihonlarida ishtirok etish uchun qancha ariza kelib tushgani ochiqlandi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashevning ta'kidlashicha, joriy yilda magistraturaga o‘qishga kirish uchun 2018 yilga nisbatan 7 barobar, 2019 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p ariza topshirilgan.

«30 iyul kuni magistr.edu.uz veb-sayti orqali magistraturaga ariza topshirish yakunlandi. Kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun 78 mingdan ortiq onlayn ariza topshirildi. Bu 2018 yilga nisbatan 7 barobar, 2019 yilga nisbatan 3 barobar ko‘pdir.

Eng katta tanlov xorijiy tillar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot mutaxassisliklariga to‘g‘ri keladi.Masalan, Farg‘ona davlat universitetida xorijiy tillar mutaxassisligida bir o‘ringa 105 ta hujjat topshirilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kompyuter injyeniringi mutaxassisligida bir o‘ringa 68 ta hujjat topshirildi. Iqtisodiyotda bir o‘ringa 45 ta talabgor hujjat topshirgan», deya Farhod Babashevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, magistratura bosqichiga o‘qishga kirish uchun eng ko‘p hujjat O‘zbekiston milliy universiteti (6077 ta), Samarqand davlat universiteti (3651 ta) va Termiz davlat universiteti (3403 ta)ga topshirilgan.

«Magistraturaga kirish imtihonlari mutaxassislik fani va xorijiy tildan test ko‘rinishida bo‘ladi. Mutaxassislik fani imtihonida bakalavriatda o‘rganilgan mutaxassislik fanidan tashqari ilmiy-pedagogik layoqatni va IQ darajasini aniqlashga qaratilgan testlar ham kiritiladi.

Kirish imtihonlarini 3 avgustdan boshlash rejalashtirilgan edi. Barchangizga ma'lum – pandemiya rejalarimizga o‘zgartirishlar kiritmoqda. Shu boisdan magistraturaga qabul imtihonlari vaqti ham davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi», deydi Farhod Babashev.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top