06:38 / 02.08.2020
19283
Yaponiya koronavirus tufayli «aqlli dafn» amaliyotiga o‘tdi

Koronavirus epidemiyasi nafaqat insonlar hayotiga, balki ularning dafn marosimlariga ham ta'sir o‘tkazmoqda. Masalan, dafn marosimlari o‘zgarib borayotgan Yaponiyadagi «aqlli dafn marosimlari»ni bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Yaponiyada dafn marosimi juda ahamiyatli marosim hisoblanadi. Odatda, vafot etgan kishi so‘nggi kechada o‘z uyida qoladi va ertasi kuni ertalab dafn marosimi o‘tkaziladigan joyga, so‘ng esa krematoriyga olib boriladi.

Biroq koronavirus tarqalishi tufayli Yaponiyadagi ko‘plab dafn marosimi uylari mazkur jarayonga jiddiy o‘zgartirishlar kiritishga majbur bo‘lmoqda.

Cheklovlar tufayli marosimga jismonan qatnasha olmaydigan odamlarning iltimoslariga binoan Zoom orqali kuzatilib borilayotgan dafn marosimlari endilikda yangi bir tijoriy ishga aylandi.

Tokiodagi Life Ending Technologies kompaniyasi bugungi kunga qadar 50dan ortiq «aqlli dafn marosimlari»ni o‘tkazib berdi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, 2 aprel kuni e'lon qilingan favqulodda vaziyat tufayli davlatlararo sayohat taqiqlanishi ortidan aksariyat odamlar o‘z qarindoshlarining dafn marosimlarida qatnasha olishmagan.

Endi bu kabi odamlar kompyuter orqali marosimni tomosha qilishlari va marhumning ruhiga tutatqi tutatishlari mumkin.

Nagoyadagi dafn marosimini olib boruvchi xodim Yuki Nishida chet elda yashagan va epidemiya sababli Yaponiyaga qaytib kela olmagan mijozi haqida shunday deydi: «Dafn marosimida marhum haqida uning do‘stlari va qarindoshlari qanday fikrda ekani bayon etilgani bois bu ishni virtual muhitda ham amalga oshirish mumkin».

Shuningdek, Osakadagi Hotel Relation mehmonxonasi endilikda mijoz sifatida tirik insonlarni emas, vafot etganlarni qabul qilmoqda. Ushbu «dafn mehmonxonasi»da o‘tkaziladigan janoza marosimlarida marhumning qarindoshlar tobut yonida qisqa vaqt davomida xavfsiz motam tutish imkoniga ega bo‘lishlari mumkin.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dafn marosimi qarindoshlarga bir-birlari bilan hasratlashish va shu orqali qayg‘ularini yengillashtirishga yordam beradi.

«Dafn marosimida ishtirok etuvchilar soni kamayib, marhumning yonida yetarlicha bo‘linmayotgani va u bilan xayrlashish imkoniyati yo‘qolgani bois marhumning yaqinlari yanada kuchli qayg‘uni boshdan kechirishlari mumkin», deydi janoza xodimi Chisato Sava.

Boshqa bir misolda, Yaponiyaning Hokkaydo orolida koronavirusdan vafot etgan 80 yoshli ayolning dafn marosimini o‘tkazib bergan janoza uyi xodimlari marhumning karantin tufayli uydan chiqa olmagan o‘g‘liga marosimini ekran orqali namoyish etib berishdi va onasining kulini unga olib kelib topshirishdi.

Yaponiyada dafn marosimidan 49 kun keyin marhumning yaqin qarindoshlari hamda do‘stlari ishtirok etadigan marosim o‘tkaziladi. Odatda, ushbu marosimda ruhoniylar Buddist ibodatlari (sutra)ni o‘qishadi.

Ammo epidemiya xavfi tufayli bu odat yo‘q bo‘lib ketishini istamaganlar epidemiya boshlanishidan avval yaratilgan Yaponiyaning ilk robot-ruhoniysi Buddist Pepper va birinchi android-ruhoniy Mindarni «ishga solishmoqda». Shuningdek, Yaponiyada WhatsApp’ga o‘xshash bepul dastur – Lineda va'z qiluvchi va duo o‘quvchi ruhoniylar ham mavjud.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top