11:40 / 03.08.2020
6801
COVID-19 sababli GTL zavodi qurilishida ishlayotgan ishchilar soni 11 mingdan 2 minggacha kamayib ketdi – Energetika vazirligi

Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodining qurilishida ishlayotgan quruvchilarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, natijada ishchilar soni ikki 11 mingdan 2 minggacha kamayib ketgan. Bu haqda 1 avgust kuni zavod qurilish maydonida energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma'lum qilingan.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilishda mas'ullar GTL zavodi qurilishining borishi, qurilish maydonidagi epidemiologik vaziyat, qurilish-montaj ishlarining hajmi haqida ma'lumot berishgan. Qayd etilishicha, investitsiya loyihasini amalga oshirish yakunlanmoqda.

«Kasallik tarqalishining oldini olishga qaratilgan bir qator epidemiologik tadbirlar o‘tkazilganiga qaramay, qurilish maydonchasida ishlayotgan ishchilarda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu sababli obektdagi ishchilar soni 11 mingdan ikki ming nafargacha kamayib ketdi, ammo bu vaqtinchalik holat hisoblanadi. Bugungi kunda koronavirus infeksiyasini yuqtirishda gumonlangan barcha ishchilar testdan o‘tkazilgan. COVID-19ga olingan tahlil natijalariga qarab xodimlarning soni bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda», deyiladi vazirlik axborot xizmatining xabarida.

Ta'kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli, zavodning qurilish maydonidagi ishchi-xodimlari uchun loyiha hududida 1400 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus karantin zonasi va 400 o‘rinli gospital tashkil etilgan. Shu jumladan, 5 ta tez yordam mashinalari va 30 dan ziyod tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, koronavirus testlari uchun uskunalar, pulsoksimetr, oksigenerator va boshqa zarur bo‘lgan tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan maxsus laboratoriya va dorilar zaxirasi yaratilgan.

Energetika vaziri tashrif davomida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan ishlash va yashash sharoitlarini to‘liq o‘rganib, «Uzbekistan GTL» MChJ va «Sho‘rtan GKM» MChJ hamkorligida tashkil etilgan qo‘shimcha maxsus laboratoriya bilan ham tanishgan. PZR testlarni bajarish uchun xarid qilingan uskuna va dorilar zaxirasi bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar bergan.

«Hozirgi vaqtda ayrim xorijlik mutaxassislarni vatanlariga yuborish ishlari olib borilayapti. Shuningdek, qurilish-montaj ishlarini uzluksizligini ta'minlash maqsadida mahalliy va xorijlik yangi mutaxassislarni jalb qilish rejasi ishlab chiqilmoqda. Uzoq vaqtdan buyon zavod qurilishida ishlayotgan hindistonlik, vetnamlik va xitoylik ishchilarni malakali mutaxassislar bilan o‘rin almashtirish hamda ularni charter reyslar bilan uylariga qaytarish rejalashtirilmoqda.

Hozirgi vaqtda chet ellik mutaxassislarni o‘z vatanlariga yuborish jadvali, shuningdek, qurilish va montaj ishlarini davom ettirish uchun O‘zbekiston hududlari va chet eldan yangi ishchilarni qurilish maydonchasiga jalb qilish jadvali ishlab chiqilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, ayni paytda «Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsiya loyihasi doirasida pudratchilar tomonidan loyihani amalga oshirilishining umumiy ko‘rsatgichi 90 foizga bajarilgan. GTL zavodi ishga tushirilganidan so‘ng mintaqadagi eng innovatsion ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Qurilish ishlari yil oxirida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Top