18:42 / 03.08.2020
5476
«O‘zbekturizm» kompaniyasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Ne'mat Abdullayev vafot etdi

Sobiq «O‘zbekturizm» kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Ne'mat Abdullayev 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma'lum qildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

«Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi jamoasi uzoq yillar «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Ne'mat Abdullayevning vafot etganligi munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi.

«Ne'mat Zokirovich o‘z davrida O‘zbekistonda turizm sohasi rivojiga o‘chmas hissa qo‘shgan. U hamkasblari xotirasida hamisha shijoatli, jonkuyar, samimiy inson sifatida muhrlanib qoladi. Marhumning yaqinlariga sabr-u jamil tilaymiz», deyiladi qo‘mita xabarida.

Ne'mat Abdullayev 1946 yilda tug‘ilgan. U 1994–2005 yillarda «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Ne'mat Abdullayev 2020 yilning 2 avgust kuni vafot etgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 74 yoshli Ne'mat Abdullayevning vafoti sababiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining birinchi raisi Anvar Sharapov vafot etgani xabar qilingandi.

Top