23:07 / 03.08.2020
36304
Rossiyaning koronavirusga qarshi birinchi dori vositasi 15 ta davlatga yetkazib berildi
Foto: Zuma/TASS

Rossiyaning koronavirusga qarshi birinchi dori vositasi “Avifavir” 15 ta davlatga yetkazildi. Bu haqda Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev ma'lum qildi. 

Ayni vaqtda dori vositasini Janubiy Afrika Respublikasiga yetkazish boshlangan. 

Dori vositasini RFPI bilan birgalikda ishlab chiqqan “XimRar” korxonasi bosh direktori Andrey Blinovning ta'kidlashicha, ayni vaqtda Rossiyada “Avifavir”dan ichki ehtiyojlarni qondirish uchun yetarlicha miqdorda ishlab chiqilgan. Bu esa ichki talabga ziyon yetkazmagan holda dori vositasini xorijga yetkazib berish imkonini beradi. 

Shuningdek, korxona Boliviyadagi kompaniya bilan “Avifavir”ni Lotin Amerikasining 7 ta davlati - Argentina, Boliviya, Gonduras, Paragvay, Salvador, Urugvay va Ekvadorga ham yetkazish bo‘yicha kelishuvni imzolagan. Kelishuv kamida 150 ming quti dori yetkazilishini va Boliviyadagi hamkorga “Avifavir”ni olish texnologiyasi berilishini ko‘zda tutadi. 

Kirill Dmitriyevning ta'kidlashicha, hozirda muayyan davlatlarga yetkazilayotgan virusga qarshi vositalar nuqtayi nazaridan, koronavirusga qarshi ikkita vosita – AQShning “Remdesivir” va Rossiyaning “Avifavir” vositasi mavjud.

“Remdesivir”ning 90 foizini AQSh sotib olgan. Shu sababli 15 ta davlat bizning vositani sotib olgani biz uchun ajablanarli hol emas. U haqiqatan ham yaxshi natija ko‘rsatmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Dmitriyev.

May oyi oxirida Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi “Avifavir”ni ro‘yxatga olgan, 3 iyundan esa koronavirus profilaktikasi va uni davolash bo‘yicha tavsiya qilinuvchi vositalar ro‘yxatiga kiritgan. 

RFPIda ta'kidlanishicha, “Avifavir” koronavirusning ko‘payishi mexanizmini izdan chiqaruvchi vosita hisoblanadi. U klinik sinovlar vaqtida koronavirusga chalinganlarni davolashda yuqori samaradorlik ko‘rsatgan.

“Avifavir” tarkibi favipiravir moddasidan iborat bo‘lib, u Yaponiyada 2014 yildan beri grippning og‘ir shakllarini davolashda qo‘llab kelinadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top