22:06 / 03.08.2020
22533
Sud Qamchiq dovonidagi «Burgut» maskanini buzish haqidagi hokim qarorini bekor qildi

Shu yil 22 iyunida Kun.uz saytida «Qamchiq» dovonidagi mashhur «Burgut» maskanini buzish kimga kerak bo‘lib qoldi?» nomli maqola va videoreportaj e'lon qilingandi.

Unda Qamchiq dovonida, «Toshkent – O‘sh» avtoyo‘lining 233 kilometridagi ko‘pchilikka yaxshi tanish «Burgut» nomli sanitar-gigiyenik maskan va «Bir zumda» kafesini bunyod etgan tadbirkor Amonjon Matkomilovning muammosi tahlil qilinib, o‘rganilgandi.

Tuman hokimligi 2019 yil 18 dekabr kuni tadbirkorga yer maydonini doimiy foydalanishga berish to‘g‘risida qaror chiqargan, ammo 2020 yil aprel oyida bu qarorni bekor qilib, inshootlarni tadbirkorning o‘z hisobidan buzdirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Maqolada tadbirkor A.Matkomilov tuman hokimining qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab Chust tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritgani aytilgandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 3 avgust kuni Pop tuman ma'muriy sudida mazkur ish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida tadbirkor yutib chiqdi.

Sudya S.Qodirov raisligida o‘tgan sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, Pop tuman hokimining 2020 yil 30 apreldagi 383-sonli qarori haqiqiy emas, deb topildi.

Top