15:13 / 04.08.2020
2206
Ajrim yoqasidagi oilalarning 10 mingga yaqini yarashtirildi – vazirlik

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi O‘zbekistonda oilaviy ajralishlar ko‘rsatkichi haqida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, ajrashishlar bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahar va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 12 ming 810ta (o‘tgan yilning shu vaqtiga nisbatan 3 ming 151ta kam) oilaviy ajralishlar ro‘yxatga olingan. Bu mamlakatdagi mavjud oilalarning 0,03 foizining taqdiri ajralish bilan yakun topganini ko‘rsatmoqda.

«Raqamlar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, umumiy holat va oilaviy ajralishlarning oqibatlari xavotirli ekanligi barchamizni sergaklantiradi. Sababi yuzaga kelgan mazkur ajrimlar natijasida joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha 8 ming 725 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lgan.

Yana bir muammoli holat, bu ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar taqdiri. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yilning shu vaqtiga qadar 15 ming 413ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 9 ming 980tasi, ya'ni 60 foizi yarashtirildi. Shuningdek, nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan 11 ming 985ta  oila aniqlanib, ularning 5 ming 960tasi, yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi.

Bu ko‘rsatkichlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, aholi va oilalar soni ko‘pligi munosabati bilan eng yuqori raqamlar Toshkent shahar va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning shu kuniga qadar poytaxt oilalarining 1692tasi ajrashgan, 918ta oila esa ajrim yoqasiga kelib qolgan. Keyingi o‘rinda 1498ta ajrashgan oilalar bilan Andijon viloyati turibdi. Viloyatdagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 1716tani tashkil etmoqda.

Ajralgan oilalar soni Farg‘ona viloyatida 1304ta, Toshkent viloyatida 1308ta, Samarqand viloyatida 1302ta, Namangan viloyatida 923ta, Qashqadaryo viloyatida 815ta, Surxondaryo viloyatida 749ta, Buxoro viloyatida 744ta, Sirdaryo viloyatida 529ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 513ta, Xorazm viloyatida 497ta, Jizzax viloyatida 489ta, Navoiy viloyatida 447tani tashkil etadi» deya vazirlik matbuot kotibi Saodat Boymirzayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top