11:04 / 04.08.2020
48821

Belarus Rossiya bilan chegaraga harbiy texnikalarini joylashtirmoqda. Odamlar tanklar kolonnasini ko‘rgan

Belarus Rossiya bilan chegaraga o‘z harbiylari va og‘ir texnikalarini joylashtirmoqda. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fotosuratlar va videolar joylashtirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy aholi Belarusning Rossiya bilan chegara hududlarida harbiy kuchlar faollashganiga guvohi bo‘lgan. Shuningdek, harbiy bo‘linmalarning Minsk yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangani ham qayd etilgan. Harbiylarning faollashuvi 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlariga bog‘lanmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Belarus harbiylarining Rossiya bilan chegara hududlarda faollashuvi go‘yoki rossiyalik yollanma jangchilar saylovlar arafasida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishni rejalashtirgani va Belarusni rossiyaliklar bosib olishi kabi xavotirlar bilan bog‘liq.

9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari arafasida hukumat bir qator jiddiy choralarni ko‘rmoqda. Mamlakat qurolli kuchlarining bo‘linmalari va shaxsiy tarkib mamlakat chegaralariga, shu jumladan, Rossiya bilan chegaraga qarab harakatlana boshlagan.

M-1 Minsk-Moskva avtomagistralida Rossiya chegarasiga qarab ketayotgan zirhli mashinalar va zirhli transport vositalarining videotasviri e'lon qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan videolardan birida Belarus harbiylari Minsk-Moskva trassasi yaqinida chodirlar o‘rnatayotgani tasvirlangan. Boshqa guvohlar esa Rossiya bilan chegara tomon harakatlanayotgan zirhli transport vositalari kolonnasini suratga olgan.

Belarus armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlariga tegishli ko‘plab harbiy qismlar mamlakat g‘arbida va shimolida joylashtirilgan. Endi ularning Rossiya bilan chegara bo‘ylab joylashtirilayotgani chegaraning narigi tarafida yashayotgan rossiyaliklarni xavotirga solmoqda.

Belarus harbiylarining Rossiya bilan chegara bo‘ylab joylashtirilishi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining yollanma xodimlarining Minskda qo‘lga olinishi bilan bog‘lanmoqda.

29 iyul kuni Minskda Belarus davlat xavfsizlik xizmati xodimlari «Vagner» XHK bilan hamkorlik qilayotgani iddaosi bilan bir guruh Rossiya fuqarolarini qo‘lga oldi. Belarus Tergov qo‘mitasining rasmiy versiyasiga ko‘ra, hibsga olinganlar prezident saylovlari arafasida mamlakatda tartibsizliklarni uyushtirish uchun Minskka kelgan. Bu voqeadan so‘ng Belarus rasmiylari saylovdan oldin mamlakatda qo‘shimcha xavfsizlik choralarini joriy etish zarurligi to‘g‘risida bayonotlar berishdi.

Mahalliy aholining ta'kidlashicha, harbiylar va ichki qo‘shinlarning qo‘shimcha kuchlari Minsk hamda mamlakatning bir qator viloyat markazlarida 29 iyuldan joylashtira boshlangan va hanuzgacha davom etyapti.

Belarusning amaldagi prezidentiga muxolif bo‘lgan OAV «Rossiya tahdidi» mamlakat rasmiylari tomonidan o‘ylab topilganini ta'kidlamoqda. Ularning taxminiga ko‘ra, saylovlar arafasida poytaxtda tartibsizliklar yuz berishi xavfi tufayli Minskda armiya va politsiya kuchlari to‘planmoqda.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top