22:02 / 04.08.2020
11618

Bojxona qo‘mitasi kislorod konsentratorlari importi jarayoni to‘g‘risida axborot berdi

So‘ngi vaqtlarda kislorod konsentratorlarining importi bilan bog‘liq muammolar ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur masalada axborot berdi.

«Koronavirus pandemiyasi davrida dunyo bo‘ylab sun'iy nafas oldirish uskunalariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Ayniqsa ahvoli og‘irlashgan bemorlar uchun kislorod konsentratorlari juda muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli, bu turdagi mahsulotlarni tadbirkorlar tomonidan respublikamizga hech qanday to‘siqlarsiz olib kirilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5978-son Farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq ozon, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sun'iy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda 2020 yil 31 dekabrga qadar bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod qilingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2020 yil 22 iyuldagi 449-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan muddatda kislorod konsentratorlar import qilinganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va realizatsiya qilish belgilandi.

Mazkur imtiyozlardan samarali foydalangan holda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan so‘nggi 1 hafta davomida respublikamizga qiymati 4,3 mln AQSh dollariga teng 394 dona o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari hamda qiymati salkam 2,9 mln. dollarga teng 5899 dona kislorod konsentratorlari keltirilgan bo‘lib, mazkur tibbiy jihozlar keltirilgan kunning o‘zidayoq soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan.

Mazkur tovarlar bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan «Xavfni boshqarish tizimi» orqali asosan «yashil» yo‘laklarda rasmiylashtirilgan bo‘lib, bojxona rasmiylashtiruviga o‘rtacha 1 – 1,5 soatgacha vaqt sarflangan.

Turli tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida tadbirkorlar e'tiboriga shuni yetkazish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi «2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5707-son Farmoni talablariga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab import dori vositalari (dori substansiyalari bundan mustasno) va tibbiyot buyumlarini «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undirilishi va ushbu yig‘im Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish manbaasi sifatida belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 1 apreldagi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha yuridik shaxslar tomonidan olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan.

Hozirda tadbirkorlar mazkur imtiyozlardan foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» davlat unitar korxonasining info@expertcenter.uz elektron pochta manziliga tegishli hujjatlarni yuborib, qisqa fursatlarda Markazning ijobiy xulosasini olishmoqda.

Shuningdek, taqdim etiladigan hujjatlar va tegishli xulosani tezkorlik bilan olish bo‘yicha qo‘shimcha savollar yuzasidan Markazning 71-207-02-65 (64) telefon raqamlariga hamda Davlat bojxona qo‘mitasining 1108 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Bu turdagi tibbiy uskunalarning asosiy qismi respublikamizga havo transporti orqali olib kelinayotgani sababli, tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining (78) 120-86-30 telefon raqamiga kunning istalgan paytida qo‘ng‘iroq qilib, javob olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Bugungi kunda bojxona idoralarida tovarlarni respublika hududiga olib kirilgunga qadar dastlabki deklaratsiya asosida rasmiylashtirish imkoniyatlari ham yaratilgan bo‘lib, tadbirkorlarimiz ushbu imkoniyatlardan onlayn ravishda foydalanishlari mumkin.

Koronavirusga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida aholining salomatligini muhofaza qilishdagi ahamiyatidan kelib chiqib, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan dori-darmonlar va tibbiy buyumlari, xususan ozon, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sun'iy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarining bojxona rasmiylashtiruvi kecha-yu kunduz, uzluksiz va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi kislorod konsentratorlari importi jarayoniga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e'lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro hamkorlikka doimo tayyor ekanini ma'lum qiladi», – deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uzga taqdim etgan axborotida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top