08:20 / 04.08.2020
2956
Chegara orqali o‘tkazilayotgan elektr energiyasini bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) va Energetika vazirligining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan elektr uzatish tarmoqlari orqali o‘tkazilayotgan elektr energiyasini bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Bojxona chegarasidan elektr energiyasining olib o‘tilishi ustidan bojxona nazorati va uning rasmiylashtiruvi bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona nazorati joylarida amalga oshiriladi. Elektr energiyasining hisobini yurituvchi asboblar ko‘rsatkichlari, hisob va hisobot tizimi ma'lumotlari asosida, hujjat va ma'lumotlarni tekshirish yo‘li bilan nazorat qilinadi.

Norma’ning yozishicha, elektr energiyasining bojxona nazorati joylari ro‘yxati Energetika vazirligi tomonidan DBQ bilan kelishilgan holda belgilanadi va Nizomga ilovaga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Nizomda elektr energiyasi hisobini yurituvchi asboblardan ko‘rsatkichlarni olish (sanasi, vaqti, tartib-taomil ishtirokchilari va h.k.), shuningdek ushbu ko‘rsatkichlarni tasdiqlash tartibi belgilangan.

Elektr energiyasining hisobini yuritish asboblari ko‘rsatkichlarini olish to‘g‘risidagi dalolatnoma Nizomda belgilangan shaklda 3 nusxada tuziladi, energetika obekti vakili va bojxona posti xodimi tomonidan imzolanadi va bir nusxadan: energetika obektiga, nazorat bojxona postiga va Energetika vazirligining tegishli hududiy tuzilmasiga yuboriladi.

«Energiya» muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi (MDM) Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi (MO BET) a'zo davlatlar o‘rtasidagi shartnomalar va parallel ishlash shartlariga muvofiq elektr energiyasining tijorat oqimlari hajmlarini (eksport, import) taqsimlaydi va hisobini yuritadi.

Elektr energiyasi oqimlari bo‘yicha ma'lumotlar «Energiya» MDM rahbari tomonidan tasdiqlanadi va barcha MO BET energotizimlariga taqdim etiladi. O‘zbekiston bojxona chegaralari orqali elektr energiyasini uzatish va qabul qilish vakolatiga ega tegishli energetika tashkiloti amalga oshirilgan davlatlararo elektr energiyasi tijorat oqimlari bo‘yicha ma'lumotlarni Energetika vazirligining vakolatli tarkibiy tuzilmasiga taqdim etadi.

Nizomda quyidagilar ham belgilangan:

  • bojxona identifikatsiyasi vositalarini qo‘yish va olish tartibi;
  • elektr energiyasini deklaratsiyalash va bojxona rasmiylashtiruvi;
  • energiya uzatish tarmoqlari orqali tranzit tarzda uzatiladigan elektr energiyasini rasmiylashtirish xususiyatlari;
  • bojxona to‘lovlarini to‘lash.

Hujjat 30.06.2020 yildan kuchga kirgan.

Top