12:28 / 04.08.2020
5820
«Ko‘proq hisobchilar tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilgan» –shifokorlarga maosh o‘z vaqtida to‘lanmaganiga izoh berildi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizovning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalinganlar yotqizilgan shifoxonalarida mehnat qilgan tibbiyot xodimlariga xizmat haqining o‘z vaqtida berilmagani hisobchilar yo‘l qo‘ygan xatolar bilan bog‘liq.

3 avgust kuni AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlarining mehnat haqi o‘z vaqtida to‘lanmagani bo‘yicha izoh berildi. Vazir o‘rinbosari Abdulla Azizovning so‘zlariga ko‘ra, bu hisobchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatoliklar bilan bog‘liq.

«Tibbiyot xodimlariga pullarning vaqtida yetkazilmaganiga asosiy sabab – ko‘proq hisobchilar tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Har bir shifoxonadagi hisobchi qaydnoma yuritib, xodimning kelib-ketishini yuritishi kerak, bu ma'lumotlar o‘z vaqtida berilmagan. Asosiy muammo shu bo‘lgan.

To‘lovlarning o‘z vaqtida berilmagani bo‘yicha murojaatlarni qabul qiluvchi «1109» ishonch telefonida hozirda operativ ish olib borilmoqda. Bir haftadan ortiqroq vaqt ichida shu mazmundagi 1000dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 329ta holatda chindan ham turli sabablarga ko‘ra pullarning o‘z vaqtida berilmagani aniqlangan.

Mazkur murojaatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari bormoqda», deya Azizovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari qo‘shimcha to‘lovlarning o‘z vaqtida berilmagani ayrim texnik ishlar bilan bog‘liqligini aytgan edi.

Top