10:00 / 04.08.2020
7423

“O‘zbekneftgaz”: “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”da koronavirus pandemiyasi davrida uzluksiz ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 300 o‘rinli “Ishchilar shaharchasi” qurilmoqda

«O‘zbekneftgaz» AJga qarashli «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» – etilen va polietilen ishlab chiqaruvchi yirik korxona bo‘lib, bu yerda 4 mingga yaqin (hozirda 3841 nafar) ishchi-xodim faoliyat olib boradi.

Koronavirus pandemiyasi davrida zavod faoliyatida, aynan ana shu ishchi-xodimlarning fidokorona mehnatlari evaziga bir daqiqa ham to‘xtalish bo‘lgani yo‘q, aksincha ishlab chiqarish hajmi avvalgi davrga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

2020 yilning 1-yarim yilligida, majmua tomonidan tabiiy gazni qayta ishlash – 2 123,561 mln. kub metr (rejaga nisbatan 110,2 %), gaz kondensati ishlab chiqarish – 52,989 ming tonna (rejaga nisbatan 118,5 %), suyultirilgan gaz ishlab chiqarish – 59,298 ming tonna (rejaga nisbatan 109,4 %), polietilen ishlab chiqarish – 66,970 ming tonna (rejaga nisbatan 109,2 %), oltingugurt ishlab chiqarish – 0,510 ming tonna (rejaga nisbatan 108,5 %)ga bajarilgani so‘zimiz isbotidir.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi»da ishlab chiqarishdagi samaradorlikni saqlab qolish va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida, yangi loyiha, ya’ni «Ishchilar shaharchasi» qurilishi boshlandi.

«Ishchilar shaharchasi» jami 607 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 400 o‘rinli 48ta xonadon, 117 o‘rinli 1ta yotoqxona, 60 o‘rinli mehmonxona, 30 o‘rinli 2 dona kottej qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi.

Qolgan ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlash borasidagi xohish va takliflari inobatga olinib, qo‘shimcha 300 o‘rinli yengil konstruksiyali yotoqxonalar qurilishi boshlandi.

«Ishchilar shaharchasi»da bo‘lib, qurilish ishlari holatini o‘rgangan Boshqaruv raisi tomonidan, zamon talablariga javob beradigan yotoqxonalar 2020 yilning 1 sentabrga qadar qurib bitkazilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» tomonidan amaliyotda ilk bor, 400 nafar xodim baravar vaxta rejimida ishga jalb qilindi va bu sinov-tajriba o‘z samarasini berdi. 400 nafar ishchi-xodim vaxta rejimida ish boshlashdan avval, koronavirusga test topshirishadi va uning natijasi ma’lum bo‘lgach, o‘z ish faoliyatlarini boshlaydilar. Vaxta rejimida esa ular to‘liq izolyatsiya holatida bo‘lishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun olingan litsenziyasiga asosan, 50 nafar tibbiyot xodimidan iborat, tun-u kun xizmat ko‘rsatuvchi poliklinika ish boshladi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan olingan ruxsatnomaga asosan esa, epidemiologik vaziyatni nazorat qilish uchun koronavirusga test olish laboratoriyasi tashkil qilindi.

Ta’kidlash kerakki, infeksiya tarqalishining oldini olish, ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash uchun qilingan ishlarning natijasida, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» tomonidan 2020 yilning yanvar-iyul oylari uchun eksport ko‘rsatkichlari muvaffaqiyatli bajarildi. Jumladan, natural ko‘rinishda 11.7 ming tonna polietilen eksport qilish topshirig‘i 17.122 ming tonnaga (146.34%) bajarildi.

Bundan tashqari, korxona tomonidan joriy yilning iyul oyida «Mahalliylashtirish dasturi» doirasida tomchilatib sug‘orish tizimi polimer qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 3,454 mlrd. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarildi va belgilangan reja bajarildi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yil reja ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishi borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top