13:43 / 04.08.2020
99378

To‘lqinlar uchrashganda: yondosh, lekin qo‘shilmaydigan suv havzalari (fotogalereya)

Daryo-yu dengizlarni bir-biri bilan uchrashadigan qilib qo‘ydi. O‘rtalaridagi to‘siqdan oshib o‘tolmaslar. Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg‘on deya olursiz?! (Ar Rohman surasi, 19-21-oyatlar).

Ikki quruqlik o‘rtasidagi chegarani yaqqol belgilash mumkin, ammo suvlikda-chi?

Yer kurrasida shunday nuqtalar borki, u yerda ikki suv havzasi hech bir to‘siqsiz uchrashadi, ammo suvlari aralashib ketmaydi. Buning sabablari esa turlicha bo‘lishi mumkin. Pikabu.ru sayti tabiatning ana shunday mo‘jizasiga bag‘ishlangan fotogalereyani taqdim etdi.

Shimoliy dengiz va Boltiq dengizi

Daniyaning Skagen shahri atrofida Shimoliy dengiz va Boltiq dengizi to‘qnashadi. Ikki dengizning suvi turli zichlikka egaligi bois ham shunchaki to‘qnashadi – aralashib ketmaydi.

O‘rtayer dengizi va Atlantika okeani

Gibraltar bo‘g‘ozi O‘rtayer dengizi va Atlantika okeani to‘lqinlari uchrashadigan nuqta hisoblanadi. Turli suv havzalarining to‘lqinlari har xil zichlik va sho‘rlik darajasiga egali tufayli qo‘shilib ketmaydi.

Karib dengizi va Atlantika okeani

Antil orollari bo‘yida Karib dengizi va Atlantika okeani suvi oralig‘idagi chegarani yaqqol ko‘rish mumkin.

Bahama orollari chegara bo‘lib turgan hududda ham Karib dengizi (havorang suv) va Atlantika okeani (ko‘k rangli suv) orasidagi kontrastni ko‘rish mumkin.

Surinam daryosi va Atlantika okeani

Atlantika okeani ko‘plab boshqa suv havzalari bilan chegaradosh bo‘lish bilan birga, ularning aksariyati bilan qo‘shilib ketmaydi. Shunday to‘qnashuvlardan biri Janubiy Amerikadagi Surinam daryosi bilan kuzatiladi.

U ikki dengizni — bunisi chuchuk-shirin, unisi sho‘r-achchiq qilib oqizib qo‘ygan va oralariga ko‘rinmas to‘siq hamda ochilmas sarhad qilgan Zotdir. (Furqon surasi, 53-oyat). 

Ma'lumki, barcha ummonlar va dengizlarning suvi sho‘r, daryolarning suvi chuchuk hisoblanadi. Daryolar oqib borib suvini dengizlarga, ummonlarga quyadi. Ammo bu bilan dengiz suvi chuchuk bo‘lib qolmaydi, daryo suvi sho‘r bo‘lib qolmaydi. Vaholanki, daryolarning suvi ham dengiz va ummonlardan bug‘lanib ko‘tarilgan suvdan iborat.

Urugvay ko‘li va uning o‘zani

Argentinaning Misons provinsiyasida Urugvay daryosi o‘zining o‘zanini uchratadi. Ularning orasidagi farq sezilarli – o‘zan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida tozalansa, ko‘lning o‘zi yomg‘irlar mavsumida loyning ta'sirida qizg‘ish tusga kiradi.

Amazonkaning bir-biriga «begona» ikki o‘zani

Dunyodagi eng sersuv daryo Amazonkaning ikki o‘zani – Riu-Negru va Solimoyns Braziliyadan 6 km nariroqda to‘qnashadi, 4 km.gacha bo‘lgan masofada birga oqsa-da, aralashib ketmaydi.

Ikki o‘zanning oqish tezligi va harorati turlicha bo‘lgani bois ularning ko‘rinishi ham farqlanadi. Solimnoys o‘zani och rangda, 4-6 km/soat tezlikda harakatlanadi, harorati 22 Tselsiy daraja. Riu-Negruning rangi to‘q va xira, 2 km/soat tezlikda harakatlanadi, suvining harorati 28 daraja atrofida.

Mozel va Reyn daryolari

Germaniyaning ikki azim daryosi – Mozel va Reyn Koblens shahrida to‘qnashadi. Reyn ochroq, Mozel esa to‘qroq tusda.

Ils, Dunay va Inn daryolari

Germaniyaning Passau shahrida Ils, Dunay va Inn suv havzalari uchrashadi. Suratda yuqoridan pastga: Inn, Dunay, Ils daryolari.

Alaknanda va Bxagiratxi daryolari

Hindistonning Devaprayaga shahrida Alaknanda (to‘q rangda) va Bxagiratxi (och rangda) daryolari aralashib ketmaydigan chegarani ko‘rish mumkin.

Irtish va Ulba daryolari

Qozog‘istonda Irtishning toza, Ulbaning loyqa suvlari yonma-yon oqadi.

Tszyalin va Yanszi daryolari

Tszyalin daryosi 119 km uzunlikka ega bo‘lib, Chunsin shahriga kelganda o‘zining toza suvlarini Yanszi daryosining sarg‘imtir tusli havzasiga quyadi.

Rona va Arv suv havzalari

Bu ikki daryo Shveytsariyaning Jyeneva shahrida uchrashadi. Rona Leman ko‘lidan oqib keladi, suvi shaffof. Arv daryosining suvi loyqa bo‘lib, Shamoni vodiysi muzliklari bilan to‘yinadi.

Grin va Kolorado daryolari

AQShning Yuta shtati, Kanbonlends parkida Grin va Kolorado daryolari birlashadi. Grinning yashil suvlari va Koloradoning qizg‘ish to‘lqinlari orasidagi farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Suv oqimlari turli tog‘ jinslarini yuvib kelgani uchun ham shunday tusga kirgan.

Chuya va Katun

Oltoy respublikasining Onguday rayonida Chuya va Katun daryolarining ajabtovur «qo‘shnichiligi»ni kuzatish mumkin. Chuya qo‘rg‘oshin tusdagi, quyuq suvdan iborat. Katun esa toza va firuzarang. Ikki daryo birlashib, yagona, ammo rangi o‘rtadan chiziq tortilgandek ikki xil bo‘lgan oqimni hosil qiladi.

Mavzuga oid
Top