11:24 / 04.08.2020
2596
Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyani qo‘llash tartibi tasdiqlandi

Davlat bojxona qo‘mitasining qarori bilan Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyani (Istanbul, 1990 yil 26 iyun) qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Foto : KUN.UZ

Nizom Bojxona kodeksi va Prezidentning 24.04.2020 yildagi «Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida»gi PQ-4694-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston bojxona chegarasidan tovarlarni bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyani qo‘llash tartibini belgilaydi.

Norma’ning yozishicha, ATA karnetini (bojxona deklaratsiyasiga tenglashtirilgan, tovarlarni vaqtincha olib kirishga imkon beradigan hamda bojxona to‘lovlari to‘lanishini kafolatlaydigan xalqaro hujjat) qo‘llagan holda bojxona to‘lovlaridan to‘liq shartli ravishda ozod qilinadigan tovarlarga nisbatan bojxona operatsiyalari Konvensiyaning A ilovasi «Vaqtincha olib kirish hujjatlari to‘g‘risida (ATA karnetlari va CPD karnetlari)» bilan birgalikda quyidagi ilovalardan birining shartlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi:

  • V.1 «Ko‘rgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar yoki shu kabi tadbirlarda namoyish qilish yoxud foydalanish uchun tovarlar to‘g‘risida»;
  • V.2 «Professional asbob-uskuna to‘g‘risida»;
  • V.3 «Tijorat operatsiyasi munosabati bilan olib kirilgan konteynerlar, poddonlar, o‘ramlar, namunalar va boshqa tovarlar to‘g‘risida»;
  • V.5 «Ta'lim, ilmiy yoki madaniy maqsadlarda olib kirilgan tovarlar to‘g‘risida»;
  • V.6 «Sayohatchilarning shaxsiy buyumlari va sport maqsadlarida olib kirilgan yuklarga tegishli ilova».

 Nizomda bojxona organi ATA karnetini bojxona deklaratsiyasi va bojxona to‘lovlarini to‘lashning xalqaro miqyosidagi kafolati hamda bojxona organlari oldidagi majburiyatning bajarilishini kafolatlovchi hujjat sifatida qabul qilishi mumkin bo‘lgan hollar sanab o‘tilgan.
 
ATA karnetini qo‘llagan holda O‘zbekistonga vaqtincha olib kiriladigan, shuningdek mamlakatdan vaqtincha olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining turlari qayd etilgan.
 
ATA karneti to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda alohida e'tibor berishni talab qiladigan bandlar sanab o‘tilgan.
 
Bojxona organiga taqdim etiladigan ATA karneti davlat yoki rus va ingliz (fransuz) tillarida to‘ldirilgan bo‘lishi lozim.
 
Nizomda quyidagilarning tartibi ham belgilangan:

  • ATA karnetini qo‘llagan holda olib kirilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash;
  • ATA karnetini qo‘llagan holda O‘zbekistonga vaqtincha olib kirilgan tovarlarning vaqtincha olib kirish muddatini uzaytirish;
  • ilgari ATA karnetidan foydalangan holda vaqtincha olib kirilgan tovarlarni O‘zbekistondan qayta olib chiqishda (reeksportda) deklaratsiyalash;
  • ATA karnetini qo‘llagan holda olib kirilgan tovarlarni olib chiqishda bojxona operatsiyalarini amalga oshirish va reeksport bilan «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimining tugatilishi;
  • ATA karnetidan foydalangan holda O‘zbekistonga vaqtincha olib kirilgan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlari to‘lanishining kafolatlari;
  • Konvensiya qoidalari buzilgan taqdirda ATA karnetini qo‘llagan holda olib kirilgan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini undirish;
  • O‘zbekistondan vaqtincha olib chiqish uchun ATA karnetidan foydalangan holda tovarlarni deklaratsiyalash;
  • ilgari ATA karnetini qo‘llagan holda vaqtincha olib chiqilgan tovarlarni O‘zbekistonga qaytarib (reimport) olib kirish;
  • ATA karnetini qo‘llagan holda O‘zbekistondan vaqtincha olib chiqilgan tovarlarni vaqtinchalik olib chiqish muddatini uzaytirish;
  • Yo‘q qilingan va yo‘qolgan holatda ATA karnetini almashtirish.

Hujjat 1.10.2020 yildan kuchga kiradi.

Top