15:20 / 04.08.2020
30847
Xorazmda sodir bo‘lgan «samosud» holati bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Gurlan tumanida “samosud” holati tasvirlangan videoyozuv tarqaldi.

Foto: Tergov departamenti

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, joriy yilning 24 iyul kuni soat taxminan 12:00larda 26 yoshli I.O. o‘zining tanishi, 20 yoshli Yu.T. (ayol) bilan uchrashgan vaqtida, ushbu holatni I.O.ning turmush o‘rtog‘i 24 yoshli M.S. (ayol)ning dugonalari ko‘rib qolib, telefon orqali bu haqda M.S.ga xabar berib uni chaqirishgan. 

Qayd etilishicha, ular fuqaro Yu.T. (ayol)ni ushlab olib, turli xil uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, janjal qilishgan va M.S. (ayol) fuqaro Yu.T. (ayol) tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan.

Ushbu janjal vaqtida M.S.ning dugonalaridan biri o‘zining uyali telefon apparati orqali videotasvirga olib, keyinchalik mazkur videolavhani Telegram messenjeri orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Gurlan tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi holatlarda o‘zboshimchalik bilan harakat qilib, xato qilganlarni o‘zlari jazolashga urinmasliklarini, belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Bundan tashqari, bu kabi holatlar tasvirlangan videolavhalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan fuqarolarimizga eslatma:

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 189-1-moddasi va Jinoyat kodeksining 130-1-moddalarida ko‘rsatilgan “Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish” kabi ma'muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi”, - deyiladi xabarda.

Top