22:43 / 05.08.2020
13214
Abdusalom Azizov FIFA prezidentiga O‘zbekiston Osiyo chempionati-U19'ni o‘tkazishga tayyorligini ma'lum qildi

O‘zbekiston oktyabrda o‘tadigan 19 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini o‘tkazishga tayyor. Bu haqda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan o‘tkazilgan onlayn muloqot vaqtida aytdi. Azizov bu pandemiya vaqtida butun dunyodagi ilk markazlashgan musobaqa bo‘lishini alohida ta'kidladi.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘FA rasmiy saytida Abdusalom Azizovning FIFA hamda OFK rahbarlari bilan o‘tkazgan onlayn muloqoti haqida xabar e'lon qilindi.

«Butun dunyoda pandemiya hukm surayotganiga qaramay, futbol uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borilishini ta'minlash uchun xalqaro futbol uyushmalari va a'zo assotsiatsiyalar bir qator sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Shu maqsadda FIFA prezidenti Janni Infantino OFK prezidenti Shayx Salmon bilan birgalikda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan uchrashgan holda mintaqadagi vaziyat bilan yaqindan tanishib, kelajakdagi rejalar bo‘yicha fikr almashishdi.

Hususan, Janni Infantino tomonidan bu boradagi ishlarni amalga oshirishda FIFA tajribasi tanishtirildi. OFK prezidenti Shayx Salmon esa Osiyoda hukm surayotgan vaziyat bo‘yicha hisobot berdi.

O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov onlayn konferensiya ishtirokchilariga quyidagi nutq bilan murojaat qildi:

«Hurmatli hamkasblar, dastlab shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston FIFA prezidenti janob Janni Infantinoni hozirgi murakkab vaziyatda to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda ishonch bildiradi. Barcha qiyinchiliklar tez fursatda o‘z yechimini topishi va FIFA o‘zining yuksak mavqeyini tasdiqlashiga ishonchim komil.

Epidemiologik vaziyat jiddiyligiga qaramay, karantinning dastlabki kunlaridan boshlab O‘FA onlayn rejimida ish olib bormoqda. Avvaldan rejalashtirilgan qisqa va uzoq muddatli rejalar bo‘yicha tegishli vazifalar bajarilmoqda.

May oyida O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat bir muncha yaxshilanganidan so‘ng, O‘FA va PFL karantin va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda professional ligalar uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz davom ettirish uchun Covid-19 maxsus tibbiy protokolini ishlab chiqdi. O‘zbekiston Superligasiga 13 iyun kuni qayta start berildi va musobaqa 20 iyulgacha davom etdi.

O‘zbekiston chempionatini qayta tiklash joriy yilning 14 avgustidan rejalashtirilgan va liganing birinchi bosqich o‘yinlari markazlashtirilgan formatda o‘tkaziladi. Shuningdek, O‘FA pandemiya paytida terma jamoalar uchun karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etmoqda.

Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonda birinchi marta uchta shaharda, 2020-yilning 14-31 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu pandemiya davrida dunyodagi birinchi markazlashtirilgan xalqaro futbol musobaqasi bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hukumati terma jamoalar uchun birinchi Futbol markazini qurish uchun 12 gektar maydon ajratdi. Ushbu loyiha FIFA va OFK vakillari bilan muhokama qilinganidek, O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari xalqaro musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun katta imkoniyatlarini yaratadi.

Ushbu markaz 160 o‘rinli mehmonxona kompleksi, 7ta standart futbol maydoni, reabilitatsiya va ilmiy-uslubiy markaz va boshqa zarur sharoitlarni o‘z ichiga oladi», dedi Abdusalom Azizov.

Nutq so‘nggida O‘FA rahbari FIFA va OFK prezidentlarini O‘zbekistonda o‘tadigan U19 Osiyo chempionatiga taklif etdi va ularning tashrifi butun mamlakat futbol jamoatchiligi hamda futbol ishqibozlarini xursand etishini alohida ta'kidladi. Muloqot do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi», deyiladi xabarda.

Top