22:18 / 05.08.2020
11479
Akfa universiteti jamoatchilikda e'tiroz uyg‘otgan prezident qarori loyihasi yuzasidan bayonot berdi
Foto: Akfa universiteti

Iyun oyida Toshkent shahri hokimligiga qarashli qariyb 30 gektar yerni doimiy foydalanish uchun «Akfa» xususiy universitetiga berish haqidagi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgach, tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. Universitet matbuot xizmati bu masalada bayonot bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevralda qabul qilingan «Akfa universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi 130-sonli qaroriga asosan, universitetga Toshkent shahridagi Shayxontohur tibbiyot kollejining bino va inshootlaridan bepul foydalanish huquqi berilgan.

«Universitet rahbariyatining ta'sischilar bilan birgalikdagi tahlil va hisob-kitoblardan so‘ng, taqdim etilgan kollej binosi o‘quv xonalari va laboratoriyalarni joylashtira olmaydi degan xulosaga kelindi. Shu bilan birga, odatda tibbiyot universitetlari qoshida talabalar amaliyot o‘tadigan va o‘z amaliy bilimlarini oshiradigan klinikalar mavjud bo‘ladi.

Shu munosabat bilan kollej binosi davlatga qaytarildi. Hozirda kollejning bino va inshootlari boshqa davlat tashkiloti balansiga o‘tkazilgan.

Qaror loyihasida universitetga Toshkent viloyatida qariyb 29 gektar (29,48 gektar – tahr.) yer uchastkasi taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda universitet kampusi va 600 o‘rinli zamonaviy klinikaning qurilishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash joizki, mamlakatda xalqaro universitetlar tashkil etilganda, hukumat universitetlarning kampuslarini tashkil etish uchun yer uchastkalari, binolar yoki inshootlarni bepul ajratgan. Akfa universitetiga yer uchastkasining berilishi ushbu amaliyotga mos keladi.

Shu bilan birga, universitet ta'sischisi bo‘lgan «Akfa Medline» MChJ universitet kampusi va klinikasini qurish uchun kamida 58 million AQSh dollari ajratishni rejalashtirmoqda. Agar universitet klinikasi jihozlarining doimiy ravishda yangilanib turilishini ham hisobga olsak, investitsiyalar hajmining yanada ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.

Imtiyozlar bilan bog‘liq vaziyat ham xuddi shunday. Birinchidan, 130-sonli VMQga muvofiq, universitetga taqdim etilayotgan imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi «Xususiy sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2863-sonli qarori hamda rahbariyat va mamlakat Hukumatining boshqa qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan boshqa universitetlarga soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish bo‘yicha ilgari berilgan imtiyozlarni takrorlaydi.

Boshqa xalqaro universitetlar ilgari shunday imtiyozlarga ega bo‘lganlarini hisobga oladigan bo‘lsak, Akfa universitetiga soliq va bojxona imtiyozlarining berilishi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzmaydi», – deyiladi bayonotda.

Rasmiy bildirishda universitet ta'sischisi «Akfa Medline» MChJ tashabbusi bilan 2019/20 o‘quv yilida 100 nafar talaba grant o‘rinlariga qabul qilingani, 2020/21 o‘quv yilida kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra ikki talaba kontraktning to‘liq miqdori uchun grant olishi, yana 40 nafar talaba kontrakt to‘lov pulidan 10 foizdan 75 foizgacha chegirmaga ega bo‘lishiga urg‘u berilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur sarmoyalar hajmi yiliga 58 ming AQSh dollarini va ushbu guruh talabalarining butun o‘qish davrida 348 ming AQSh dollarni tashkil etadi.

«Akfa universiteti hukumat tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlardan foyda olishni rejalashtirmayapti. Mazkur imtiyozlar, bir tomondan, asbob-uskunalar va materiallarni sotib olish xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, xorijlik mutaxassislarni jalb qilishda sarflansa, ikkinchi tomondan, tejalgan mablag‘larni mamlakat iqtisodiyoti uchun kadrlarni tayyorlash va ta'limni rivojlantirish uchun qayta investitsiyalash imkonini beradi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining tarmoqlari uchun zamonaviy yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun ta'limga investitsiyalar kiritish zarur va bunda davlatning qo‘llab-quvvatlashi judayam muhim», – deyiladi universitet rasmiy izohida.

Eslatib o‘tamiz, «Akfa» universitetiga qariyb 30 gektar yer doimiy foydalanishga berilishi ko‘zda tutilgan qaror loyihasi tanqidlarga sabab bo‘lgan, fikr bildiruvchilar qaror loyihasida «Raqobat to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarning qator normalari buzilayotganini aytishgan edi.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga ko‘ra, loyihaning ayrim bandlari «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid. Qo‘mitaning hisoblashicha, «Akfa universiteti» MChJga oliy o‘quv yurti kampusining qurilishi uchun imtiyozlar va yer uchastkasining berilishi ta'lim bozorida faoliyat olib borayotgan boshqa xususiy ta'lim muassasalariga nisbatan ustunlik berilishiga olib keladi va raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur qaror prezident qarori loyihasi agentlik bilan kelishilmaganini bildirgan.

Top