16:50 / 05.08.2020
36856

«Avto 60 oy» ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi

«Avto 60 oy» MChJ mansabdor shaxslari qisqa vaqt ichida 19,3 ming nafar fuqarolarning jami 54,3 mlrd so‘m miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda ayblanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto 60 oy» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari yakuniga yetkazilib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Kun.uz olgan ma'lumotga ko‘ra, ish yuzasidan sud tergovi harakatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan, sudya D.Valiyev raisligida olib borilmoqda.

Jamiyat mansabdor shaxslari soxta tadbirkorlik, pul mablag‘larini noqonuniy jalb etish, firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.

Jabrlanuvchilar sonining ko‘pligini inobatga olib, ish tafsilotlaridan xabardor qilib borish maqsadida JIB Chilonzor tuman sudi tomonidan maxsus @jibChilonzorsudi telegram kanali tashkil qilingan. Jinoyat ishining barcha jabrlanuvchilaridan mazkur telegram kanaliga obuna bo‘lishi so‘ralmoqda.

Toshkent shahrida yashovchi jabrlanuvchilardan 6 avgustdan boshlab, haftaning dushanba kunidan shanba kuniga qadar soat 10:00dan 17:00gacha tuman sudi binosiga kelishlari so‘ralmoqda. Manzil: Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Sharq tongi ko‘chasi, 1a-uy. Mo‘ljal - Hlebushkina nomidagi bolalar uyi.

Tergov materiallariga ko‘ra, «Avto 60 oy» MChJ vakillari fuqarolarga UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki to‘lov va foizlarsiz bo‘lib to‘lashga sotib olishni taklif qilib, 19,3 ming mijoz bilan shartnoma tuzib, ularning 54,3 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larini jalb qilgan. Yetkazilgan moddiy zararning 36,8 mlrd so‘mi tergov davomida qoplangan.

Top