00:47 / 05.08.2020
140147
Bayrut portidagi portlashga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 40 nafarga yetgan.

Foto: REUTERS/Mohamed Azakir

Bayrut portida ammiakli selitra portlagan. Bu haqda Livan ichki ishlar vaziri Muhammad Fahmiyga tayanib, Al Hadath telekanali xabar berdi.

Shu bilan birga, Al Mayadeen telekanali kuch ishlatish tizimidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, "to‘qqiz yil avval kemalardan biridan musodara qilingan hamda qayta ishlash yoki yo‘q qilish uchun portdagi omborda saqlangan portlovchi moddalar portlagan".

"To‘rt oy avval portda bunday yukni saqlash juda xavfli ekanligi to‘g‘risida hisobot tayyorlangandi", - degan telekanal manbasi.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra esa, omborda qisqa tutashuv oqibatida yong‘in chiqqan, natijada selitra portlagan.

Ayni paytda Livan poytaxtidagi shifoxonalar jarohatlanganlar bilan to‘lib ketganligi xabar qilinmoqda. Bir soat ichida bitta hospitalga 300dan ortiq kishi olib kelingan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 40 nafarga yetgan, norasmiy ma'lumotlarda esa qurbonlar ancha ko‘pligi – odamlar vayronalar ostida qolib ketgani aytilmoqda.

Mavzu
Bayrutdagi portlash
4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda vayronkor portlash ro‘y berdi.
Barchasi
Top