08:15 / 05.08.2020
29268
Bir doriga shuncha qo‘riqchi yoki «Plakvenil» bahslari qachon tugaydi?

«Plakvenil» dori vositasi atrofidagi bahslar avj pallaga kirdi. Dastlab kasallikka chalinganlarga berilishi belgilangan bu dori keyinchalik ro‘yxatdan chiqarib tashlandi, ammo ko‘p o‘tmay qaytarib kiritildi. Dunyo bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilarning fikrlari ham, bu dorining eng muhim tana a'zolari – yurak va ko‘zga qator nojo‘ya ta'sirlari ham hisobga olinmadi.

Ayniqsa koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha vaziyatga bog‘liq so‘nggi matbuot anjumanida respublikaning yetakchi olimlari, baland martabali va amalli shifokorlar, professorlar yoppasiga bu dorini yoqlab chiqqanlari juda ajoyib bo‘ldi.

3 avgust kuni AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani

Jahon olimlari bu borada bir fikrga kela olmay, tadqiqotlarni davom ettirayotgan bir paytda, bizning amaldor shifokorlar yakdil xulosaga kelib bo‘lishganini, endi ortga yo‘l yo‘qligini yaxshilab anglatib qo‘yishdi.

Bu dori qo‘llanishiga qarshi chiqqanlar O‘zbekistonda ham bor edi. Ammo ularning ovozi pasaytirildi, o‘zlari esa hatto «birorta bemorning pulsini ushlab ko‘rmagan, amaliyotdan yiroq nazariyachilar» deya baholandi.

Aslida, mahsulotni hamisha xaridor tanlaydi. Biroq mablag‘ni jalb etishi bo‘yicha har qanday mahsulot bilan bellasha oladigan va yengib yuborishga qodir dori vositalarining yo‘rig‘i boshqacharoq. Joni og‘rib turgan, ayniqsa bugungi pandemiya davrida, vahimalar urchib turgan paytda har ko‘zga umid bilan tikilayotgan bemor uchun shifokorning so‘zi qonun darajasiga chiqadi. Agar davolovchi shifokor «Plakvenil»ni qabul qilishni buyursa, bemor shu paytga qadar bu dori haqida ming xil gap eshitgan bo‘lsa ham, yo‘q deya olmaydi. Sababi – tib xodimlari tanqis bo‘lib turgan bir paytda qat'iy talabni rad etish aqlga sig‘maydi, bunday qilingan taqdirda ham shifokordan javobgarlik soqit qilinganday bo‘ladi. Ya'ni «aytganimni qilmading, sog‘ayishingga kafolat bera olmayman...» degan pisanda qilinishi ehtimoli bor.

Bular ham mayli, o‘sha tadbirning gultoji «Dori-darmon» aksionerlik kompaniyasi boshqaruv raisi Umida Saidovna Solihboyevaning mikrofonni bot-bot olib, «Plakvenil» dorisining naqadar samaradorligini isbotlashga urinishi bo‘ldi.

Umida Solihboyeva

G‘alati-a? «Dori-darmon» kompaniyasining bevosita rahbari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, davlat xaridi ro‘yxatiga kiritilgan va eng muhimi jahonning ko‘plab davlatlarida samarasiz deb topilgan bir dorini butun respublika minbarida himoya qilib chiqsa...

Umuman, bu borada bir taxminda jon bordek. «Plakvenil» bo‘yicha kimlarningdir tavsiyasi(balki astoydil sa'y-harakatlari)ga ko‘ra katta miqdorda xarid amalga oshirilgan. Endi bu dorini qaytarib berib bo‘lmaydi, sotay desa, xaridor yo‘q. Yagona yo‘l – ishlatib yuborish, balki imkon bo‘lsa, yana xarid qilaverish...

Jahondagi shubhalar jahonda qolaveradi. Biz tibbiyoti yuksak rivojlangan alohida mamlakatmiz axir!

“Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasi rasmiy sahifalarida bu kompaniyadagi davlat ulushi miqdori 36,1 foiz ekanligi ma'lum qilingan. Kompaniya matbuot xizmati boshqa aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularning ulushlari to‘g‘risida ma'lumot berilmasligini bildirdi.

Shuningdek, 2019 yilda kompaniya umumiy tovar aylanmasi 436 mlrd so‘mni tashkil etgani ma'lum qilingan. Ochiq manbalarda “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasi so‘nggi yillarni moliyaviy zarar bilan yakunlagani bildirilgan.

Abror Zohidov

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top