15:04 / 05.08.2020
4411

Jismoniy shaxslar shaxsiy foydalanish uchun xorijdan olib kelishi mumkin bo‘lgan dori va tibbiy buyumlar miqdori haqida ma'lumot berildi

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda dolzarb savollarga javob qaytardi.

Tadbirda xorijdan charter reyslar orqali kirib kelayotgan fuqarolar o‘zlari bilan shaxsiy foydalanishi uchun qancha miqdorda dori vositalari va tibbiy buyumlarni olib kirishi mumkinligi haqidagi savolga javob berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Qaroriga muvofiq:

Yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan quyidagilar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib o‘tilishi mumkin:

  • turli nomdagi 10tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari;
  • 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlar.

Bunda bir o‘ramda:

  • qattiq (tabletkalar, drajyelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun — 100 birlikdan ortiq emas;
  • eritma tayyorlash uchun qo‘llanadigan kukunlar uchun — 500 grammdan ortiq emas;
  • granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun — 50 grammdan ortiq emas;
  • infuzion eritmalar va oral (og‘iz orqali) qo‘llanadigan eritmalar uchun — 500 millilitrdan ortiq emas;
  • inʼeksiyalar uchun eritmalar — 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
  • tashqi dorilar uchun — 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq emas.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o‘ramida bo‘lishi kerak.

«Dori vositalarini yuqorida ko‘rsatilganidan ortiq miqdorda olib kirish va olib chiqishda jismoniy shaxslar bojxona organlariga bo‘lish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini ko‘rsatgan holda muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjatni taqdim etadilar», dedi qo‘mita boshqarma boshlig‘i.

Top