00:34 / 05.08.2020
14703

Onlayn kassa mashinalarning 40 foizdan ko‘pi ishlatilmayapti - Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston bo‘ylab o‘rnatilgan onlayn NKMlarning katta qismidan foydalanilmayotgani bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda nazorat-kassa texnikalarining yangi avlodi – onlayn nazorat-kassa mashinalari (NKM) va virtual kassalar joriy etilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 34 mingta onlayn NKM va virtual kassa o‘rnatilgan. Biroq iste'molchilar bilan hisob-kitob jarayonida ularning 14 128 tasidan foydalanilmayapti.

«Ya'ni 40 foizdan ziyod tadbirkorlik sub'yektlari amaldagi qonunlarga bo‘ysunmasdan, aholi bilan o‘zaro hisob-kitoblarda hatto mazkur onlayn texnikani o‘rnatgan bo‘lsa ham onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa tizimidan foydalanmayapti.

Bu – iste'molchilar huquqlarini qo‘pol ravishda buzishdir, chunki tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi belgilangan», – deyiladi DSQ axborotida.

Eslab o‘tilishicha, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasiga asosan, tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi. Bu haqda tadbirkorlik sub'yektlari xabardor etilgan.

«Iste'molchilar dorixonalarda, savdo nuqtalarida yoki avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida plastik karta orqali xaridni amalga oshirganda to‘lov terminallari cheklarini olishadi. Ushbu cheklarda xarid to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar bo‘lmaydi, masalan, tovarlar (ish yoki xizmat) nomi, miqdori, narxi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi, QR kod.

Bu ma'lumotlarning barchasi onlayn nazorat-kassa mashinalari chekida aks ettiriladi. Biroq, bunday cheklarni ko‘pchilik tadbirkorlar taqdim etmayapti.

Demak, alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi bunday tadbirkorlik sub'yektlari ongli ravishda foydasini yashirishni maqsad qilgan. Tovarlar va davlat budjeti tushumlarining to‘g‘ri hisobga olinmasligi mamlakat iqtisodiyotiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazadi. Noinsof tadbirkorlar xufiyona ravishda qonunlarni chetlab o‘tadi», – ta'kidlangan qo‘mita axborotida.

DSQ huquqbuzarlarga ta'sir ko‘rsatadigan eng samarali choralardan biri jamoatchilik nazorati ekanini qayd etib, iste'molchilarga tegishli qonunchilik talablarini eslatib o‘tgan.

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish majburiy. Mazkur shoxobchalarda mijozga QR kodli chek berilishi shart.

Bunda iste'molchi to‘lovni naqd pul yoki plastik karta bilan amalga oshirgani muhim emas.

Shuningdek, 2020 yil 1 avgustdan yuqoridagilarga o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 5 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlik sub'yektlari qo‘shildi. Ularga yirik savdo tarmoqlari kiradi.

«QR kodli chek talab qilish – har bir iste'molchining huquqi. Qat'iy turing. Nima uchun dori vositalari va boshqa xalq iste'moli mollari narxlari oshib ketayotganini tushuntirishni talab qiling.

Masalaning yechimi topilmasa, Davlat soliq qo‘mitasi shu yerning o‘zida (71) 244-98-98 raqamli ishonch telefoni yoki koll-markazining 1198 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni so‘raydi», – deya murojaat qilgan qo‘mita.

Xabarda chek berishni rad etish, to‘lov terminalisiz yoki kassa appratisiz savdo qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatilgan.

Qayd etilishicha, Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, «Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qo‘llanilishi majburiy bo‘lgani holda, ularni qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni berish majburiy bo‘lgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, shuningdek hisob-kitob terminallari orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik – 5 million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat soliq ko‘mitasi hududlar kesimida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning onlayn NKM yoki virtual kassadan foydalanmaslik ko‘rsatkichlarini ham keltirib o‘tgan:

  • Samarqand viloyati – 62,4 foiz
  • Andijon viloyati – 53,6 foiz
  • Buxoro viloyati – 51,9 foiz
  • Toshkent viloyati – 47,4 foiz
  • Surxondaryo viloyati – 44,6 foiz
  • Namangan viloyati – 43,1 foiz
  • Toshkent shahri – 42,5 foiz
  • Jizzax viloyati – 40, 0 foiz
  • Sirdaryo viloyati – 39,4 foiz
  • Farg‘ona viloyati – 37,3 foiz
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 34,2 foiz
  • Navoiy viloyati – 25,2 foiz
  • Xorazm viloyati – 22,5 foiz
  • Qashqadaryo viloyati – 21,5 foiz
Top