00:01 / 05.08.2020
6128
O‘zbekistondan 560 ming dollarlik insonparvarlik yuklari keldi – Qirg‘iziston FVV

O‘zbekiston Qirg‘izistonga yana bir bor insonparvarlik yordamini jo‘natgan. Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vaziri Zamirbek Asqarovning ma'lum qilishicha, bu safar yuborilgan yordamning umumiy qiymati 560 ming dollarni tashkil etadi.

Foto: O‘zA

EADaily’ning yozishicha, O‘zbekistondan 2 ming tonna bug‘doy uni, 9,5 mingta himoya kombenizoni, 12 ming dona tibbiy niqob, 500 ta himoya ko‘zoynagi, 200 dona pirometr hamda 45 tonna xlor borgan.

«Mazkur gumanitar yordam hududlar va sog‘liqni saqlash tashkilotlari o‘rtasida taqsimlab berildi », – deb aytgan Qirg‘iziston FVV rahbari.

«Kabar»ning qayd etishicha, xalqaro tashkilotlar ham Qirg‘istonga o‘zlarining insonparvarlik ko‘magini yuborishgan. Umumiy qiymati qirg‘iz valutasida 9 mln som bo‘lgan yordam shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiya ishlarini o‘tkazishda ishlatiladigan mahsulotlardan iborat.

Qirg‘izistonda xuddi O‘zbekistondagi singari takroriy karantin rejimi amal qilmoqda. Bahorda joriy etilgan dastlabki karantin cheklovlari may oyiga kelib yumshatilishi ortidaan mamlakatda koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichlari keskin ortib ketdi. Natijada har ikki mamlakatda karantin choralari qaytadan joriy etildi, cheklovlar qat'iylashtirildi.

Jon Hopkins universiteti tomonidan yuritilayotgan statistikaga ko‘ra, shu paytgacha Qirg‘izistonda 37541 kishi koronavirusga chalingan, 1427 nafar bemor mazkur kasallik bilan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avval ham O‘zbekiston qo‘shni davlatga bir necha bor insonparvarlik yordamini yuborgan edi. Jumladan, Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirig‘i bilan Qirg‘izistonga ekspress-testlar va individual himoya vositalari taqdim etilgan bo‘lsa, temir yo‘l hamda havo yo‘llari orqali ham pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlardan iborat gumanitar ko‘mak yuborilgandi.

Top