07:52 / 05.08.2020
4689

Surxondaryoda koronavirus bemorlari uchun 592 o‘rinli taqsimot punkti ish boshlaydi

Jarayonda bemorlar tashxislanib, ular ahvolining o‘ta og‘ir, og‘ir va yengilligiga qarab saralash ishlari tashkil etiladi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Termiz shahridagi “Surxon” sport hamda “Alpomish” kurash majmualari binolarida yaqin kunlarda 592 o‘rinli tashxislash, saralash, taqsimot punktlari o‘z faoliyatini boshlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, pandemiya davrida bemorlarga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ushbu shifo maskanlarida tez tibbiy yordam bo‘limiga harorati ko‘tarilib, murojaat qilgan bemorlar keltiriladi. Jarayonda bemorlar tashxislanib, ular ahvolining o‘ta og‘ir, og‘ir va yengilligiga qarab saralash ishlari tashkil etiladi. Bemorlarning klinik belgilaridan kelib chiqib, ular shifoxonaga yoki uyida davolanish uchun yo‘naltiriladi.

Mazkur vaqtinchalik punktlar tibbiy ko‘rik uchun zarur zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan ta'minlanib, malakali tibbiyot xodimlari jalb etiladi. Bemorlar uchun kislorodli o‘rinlar tayyorlanadi.

Tashxislash, saralash, taqsimot punktlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi aholining tibbiy xizmat bilan bog‘liq muammolarini ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Top