15:12 / 05.08.2020
11479
Ta'lim hech qachon biznes manbai bo‘lmasligi kerak

COVID-19 inqirozidan ta'lim tizimi qanday chiqadi? Pandemiyadan so‘ng ta'lim, xususan oliy ta'lim qaysi shaklda davom etadi? An'anaviy ta'lim saqlanib qoladimi yoki u to‘lig‘icha onlayn ta'limga transformatsiya bo‘ladimi? Bugun butun dunyodagi ta'lim tashkilotlari, xalqaro ekspertlar va nufuzli universitetlar ayni savollarga javob izlamoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham yurtimizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlari qatori pandemiya munosabati bilan yangi 2020/2021 o‘quv yilini tashkil etish, joriy o‘quv yilining ikkinchi semestrida masofaviy ta'limni tashkil etish bo‘yicha orttirilgan tajriba va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan sifatli ta'limni yo‘lga qo‘yish uchun harakat qilmoqda.

 

Ilhomjon TO‘XTASINOV,
Samarqand davlat chet tillari instituti rektori

2019/2020 o‘quv yili yakunida uni sarhisob qilish, yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda talabalar va ularning ota-onalarining fikrini o‘rganishga harakat qilamiz. Ta'lim jarayonlarini tashkil etish, malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, xorijiy tajriba almashish va shu kabi ta'lim sifatini belgilovchi omillar haqida, afsuski, so‘rovlar judayam kam.

Umuman, oliy ta'limda eng muhim masala nima? Ta'lim jarayonlarimi yoki vositalari? Bugun biz asosiy masaladan, uning mohiyatidan chalg‘ib, yechimi vaqt bilan bog‘liq bo‘lgan ikkilamchi masalalar atrofida o‘ralashib qolayotgandekmiz.

Davlat fuqarolarning konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilgan bilim olish huquqlarini kafolatlagan holda, majburiy bepul umumiy ta'lim bilan ta'minlagan. Yana milliardlab mablag‘ evaziga fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi yoki kasb-hunar o‘rgatiladi. Oliy ta'lim olish esa butun dunyoda majburiy emas, har kimning mustaqil qarori va shaxsiy tanlovi bilan bog‘liq. Lekin xalqimiz va Prezidentimiz talabi bilan oliy ta'limga qamrab olish ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda keskin o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston oliy ta'limda bugungi kungacha asosiy investor – davlat, u jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun juda katta mablag‘ sarflaydi. Talabalar to‘lov-kontraktidan tushadigan mablag‘lar professor-o‘qituvchilar va boshqa xarajatlarning bir qismini qoplaydi, xolos.

Bugun mediamakonda kontrakt masalasini kun tartibiga chiqarishga bo‘layotgan urinishlarni ko‘rib, beixtiyor hayron qolasan. Axir masofaviy ta'limning olib borilishi bilan kontrakt to‘lovlarini kamaytirish evaziga yuzaga keladigan kamomadni qoplash yoki yana budjet zimmasiga tushadi-ku.

Bir qarashda masofaviy ta'limning yo‘lga qo‘yilishi xarajatlarni qisqartiradigandek tuyuladi. To‘g‘ri, auditoriyalarda chiroq yonmaydi, kommunal to‘lovlar kamayadi. Lekin professor-o‘qituvchilar to‘liq kuch bilan ishlashadi, texnik va ishchi-xodimlar o‘z vazifasini bajaradi. Axir o‘zimiz oliy ta'limda sifatni ta'minlash va korrupsiyani kamaytirishni talab qildik va professor-o‘qituvchilarning ish haqlari oshirildi. Aslida ularning zahmatli mehnatiga munosib haq to‘lash shart, har qanday sharoitda sifatli ta'lim ma'lum resurslarni talab qiladi.

Shartnoma shartlarini bajarayotgan talaba, sifatli ta'limni talab qilishga nafaqat haqli, balki majburdir ham. Afsuski, qilinayotgan ishlar fonida o‘z ishiga yeng uchida qaraydigan, darsni amal-taqal o‘tayotgan pedagoglar borligi ham haqiqat. Bunda institut ma'muriyatining katta aybi bor va uni soqit qilmagan holda aytganda, professor-o‘qituvchilar faoliyatiga eng xolis baho beradiganlar, bu ularning xizmatidan foydalanuvchilar, ya'ni talabalardir. Iste'molchi o‘z huquqini qat'iy talab qilsa va kuchli jamoatchilik nazorati bilangina bu borada kutilgan natijalarga erishish mumkin.

Xabaringiz bor, institutimiz respublikadagi 10 ta oliy ta'lim muassasasi qatorida tajriba-sinov tariqasida 2020 yil yanvar oyidan boshlab o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimida o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda asosiy urg‘u institutga qabul kvotasi va to‘lov-shartnoma miqdorini mustaqil belgilash vakolatining berilganligidir.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, bizning muassasa to‘lov-shartnoma miqdorini o‘qitish xarajatlarini qoplash, institutni rivojlanish istiqbollarini moliyalashtirish miqdorlaridan kelib chiqib, mustaqil belgilashi lozim edi. Ammo bugungi karantin va pandemiya sharoitida aholining talablarini hisobga olib hamda ularga yengillik yaratish maqsadida to‘lov miqdori o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu esa, o‘z navbatida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan institut uchun qo‘shimcha mas'uliyat yuklaydi.

Agar biz sababini tahlil qilsak, bugun davlat granti asosida tahsil oladigan bir nafar talabaga budjet hisobidan ajratiladigan bir yillik mablag‘ 10 milliondan ortiqni tashkil etadi. To‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan talabaning stipendiyasiz to‘lovi esa 6 million 413 ming so‘m etib belgilangan. Bugungi kunda o‘rtacha bir nafar talabani o‘qitish uchun ketadigan haqiqiy xarajatlar esa 9 million 763 ming so‘mni tashkil etib, haqiqiy xarajat 65,7 foizga qoplanmoqda, xolos.

Bu yerda masalaning iqtisodiy tomonini tahlil qilganimizda, o‘qituvchiga to‘lanadigan va boshqa xodimlarning o‘rtacha ish haqi va ajratmasi 8 million 226 ming so‘m, talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi 188 ming so‘m va boshqa saqlab turish xarajatlari 1 million 349 ming so‘m, shundan kommunal xarajatlarni qoplash 278 ming so‘mni tashkil etishini kuzatish mumkin. O‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tmagan muassasalarning ortiqcha xarajatlari esa, albatta budjet tomonidan qoplanadi.

O‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish hamda sifatli ta'limni ta'minlash birinchi navbatda moliyaviy rag‘bat, zamonaviy moddiy-texnik baza va xorijiy tajribaning ijobiy tomonlarini joriy etish orqali erishiladi. Agar mablag‘ yetarli bo‘lsa, professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, zamonaviy moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda milliy ta'lim tizimini xorijiy tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkoniyati yaratiladi. Zero, sifatli ta'lim – kelajagimiz poydevori, sinov tariqasida sog‘lom raqobat boshlandi, bilimli yoshlarimiz o‘z joyini o‘zi topadi.

 

Yangi tizimda barqaror faoliyat olib borishda sifatli mahalliy va xorijiy mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi, belgilangan sarf-xarajatdan tashqari OTM jozibadorligini oshirish uchun ortiqcha xarajatlar, kvotadan tashqari o‘qish istagini bildirgan yoshlarni ta'limga qamrab olish, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilarni respublikamiz va xorijda doimiy malakasini oshirish uchun mustaqil pul ishlab topishni taqozo etadi.

Albatta, bugungi kunda har bir oila va uyda o‘tirib qanday pul topish mumkin, degan inson uchun to‘lov-shartnoma miqdori juda katta mablag‘ bo‘lib ko‘rinishi tabiiy. Inson ilm izlashi va o‘z sohasini yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun har qanday jasoratga tayyor bo‘lishi kerak. Biz ma'lum muddat ko‘p vaqt va imkoniyatlarni qo‘ldan boy berdik, endi bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Bu yilgi yangi o‘quv yiliga biz an'anaviy va masofaviy onlayn ta'lim orqali o‘qitishni boshlashga birdek tayyorgarlik ishlarini boshladik. Yana bir narsa, masofaviy o‘qitish vaqtincha bo‘lib, biz, albatta, pandemiya tugagach an'anaviy o‘qitish uslubiga qaytamiz.

Yangi O‘zbekistonni yangi kadrlar bilan, yuksalish sari va dunyo eshiklarini ochilishida sog‘lom raqobat ila qo‘lga kiritish jarayonida tarix, madaniyat va insoniylik fazilatlari biz bilan hamnafasdir.

Shu munosabat bilan siz, azizlar va sizlar orqali butun xalqimizdan ta'limga biznes sifatida munosabatda bo‘lmaslikni, ilm-fan va ta'limning yutuqlariga bepisand qaramaslikni hamda zamonaviy ta'limning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rab qolamiz.

Talabalarimizdan har qanday sharoitda ham eng asosiy maqsad – bilim olish, zamonaviy ilmlarni egallashlarini so‘rab qolamiz. Chunki bugun ikkinchi darajali muammolar arzon muhokamalar ta'siriga tushib, qimmatli vaqtlarini boy berishi, bu esa raqobat shiddatli kuchayib borayotgan sharoitda ertaga juda qimmatga tushishi mumkin.

Unutmang, insonparvarlik tamoyillari ustuvor bo‘lgan ta'lim tizimi, xususan, oliy ta'limda hech bir talaba e'tiborsiz qolmaydi. Buning uchun bugun biz, rektorlarda katta mas'uliyat va yetarlicha vakolat ham bor.

Ilhomjon TO‘XTASINOV,

Samarqand davlat chet tillari instituti rektori.

Top