20:18 / 06.08.2020
19381
Bosh prokuratura Milliy gvardiya xodimiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida bayonot berdi

Bayonotga ko‘ra, Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi surishtiruv bo‘limi boshlig‘i A.R. do‘stiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hujjatlarini soxtalashtirishda, qonunga zid ravishda jinoyat ishini tugatganlikda ayblanmoqda. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi S.Raximova va boshqalarning Milliy gvardiya sobiq xodimi A.Ro‘zimovga nisbatan Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan asossiz ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinganligi haqidagi videoyozuv o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan 2020 yil 16 martda Yangibozor tumani IIB huzuridagi tergov guruhining sobiq katta tergovchisi T.B.ga nisbatan jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorga bila turib soxta ma'lumotlar kiritgan holda jinoyat ishini noqonuniy ravishda tugatganligi holati yuzasidan JKning 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, T.B. yaqin do‘sti, ya'ni Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi surishtiruv bo‘limi boshlig‘i A.R. hamda jinoyat ishi tugatilishidan manfaatdor bo‘lgan Urganch shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi davlat mehnat huquq inspektori X.A.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, jinoyat ishi hujjatlarini soxtalashtirib, jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida soxta ma'lumotlar kiritilgan noqonuniy qarorni rasmiylashtirganlar», deyiladi rasmiy bayonotda.

Bosh prokuratura axborot xizmatining ma'lum qilishicha, X.A. mazkur jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorga asosan yangi ochilgan holat sifatida Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga murojaat qilib, 2019 yil 20 dekabrda sudlov hay'atining ushbu qarorga asoslangan ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi apellyatsiya sudlov hay'atining 2017 yil 18 oktyabrdagi o‘ziga nisbatan chiqarilgan ajrimi bekor bo‘lishiga sababchi bo‘lib, oqlangan.

«Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida, 2020 yil 4 iyunda Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi surishtiruv bo‘limi boshlig‘i A.R.ning xizmat xonasida o‘tkazilgan tintuvda A.R. tomonidan jinoyat sodir qilinganligini tasdiqlovchi ashyoviy dalillar va jinoyat ishiga aloqador hujjatlar topilgan.

2020 yil 3 iyulda A.R. JKning 209 va 28, 2301-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining 2020 yil 4 iyuldagi ajrimiga asosan unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2020 yil 9 iyulda gumonlanuvchi A.R.ga nisbatan JKning 209, 227 va 28, 2301-moddalari bilan ayb e'lon qilingan. Jinoyat ishida A.R.ning aybi sud texnik-kriminalistik, sud-xatshunoslik va sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasi xulosalari hamda tergov davomida to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan», deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Ta'kidlanishicha, tergov davomida Yangibozor tuman IIB huzuridagi tergov guruhining sobiq katta tergovchisi T.B. hamda Urganch shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi davlat mehnat huquq inspektori X.A.larga Jinoyat kodeksining tegishli 209, 227, 2301-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, sudning ajrimlari bilan tegishli ehtiyot choralari qo‘llanilgan.  Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilayotganini bildirgan, deyiladi axborotda.

Top