11:25 / 06.08.2020
64462
Bunaqasi avval ham bo‘lgan. Tarixda eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lgan selitra bilan bog‘liq portlashlar

4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda yuz bergan portlashda ammiak selitrasi 100dan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlash uchun ishlatiladigan ushbu kimyoviy modda juda kuchli portlovchi ta'sirga ega. Shuning uchun uni saqlash va ishlatishda juda ehtiyot bo‘lish talab etiladi. Benzin yoki kerosin bilan dahshatli portlovchi moddaga aylanuvchi ammiak selitrasi avvallari ham ulkan portlashlarga sabab bo‘lgan.

Foto: Germania.one

Oppau shahri kimyoviy zavodidagi portlash

1921 yil 21 sentyabrda Bavariyaning Oppau shahri yaqinidagi BASF kimyoviy zavodida jiddiy texnogen ofat yuz bergan. Ushbu hodisa portlovchi moddalar va zaharli gaz fosgen komponentlari ishlab chiqarilgan joy – anilin bo‘yoqlari va o‘g‘itlar zavodida ro‘y bergan.

Halokatdan bir necha oy oldin ham korxonada jiddiy avariya yuz bergandi. O‘shanda azot va vodorod aralashgan konteyner portlashi natijasida yuz kishi halok bo‘lgandi.

Fojia ammiakli sulfat va nitrat zaxiralarini maydalash uchun portlovchi moddalar ishlatilishi natijasida sodir bo‘lgan. Ushbu moddalar qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari savdo mavsumining avjini kutish davrida jamg‘arib qo‘yilgan bo‘lgan. Bunga qadar uzoq vaqt davomida bu maqsadlar uchun portlashga olib kelmaydigan qora kukunli karton naychalar ishlatilgan.

O‘shanda 12 ming tonna sulfat va ammiakli selitraning aralashmasi portlagan, portlash energiyasi 4-5 kilolit TNT ekvivalentiga teng deb baholangan. Portlash nuqtasi yaqinidagi Frankenthal va Edighaym qishloqlari vayron bo‘lgan. Shuningdek, Oppau shahridagi mingta binoning 800tasi vayron bo‘lgan, 7 ming 500 kishi boshpanasiz qolgan.

Portlash shu darajada kuchli bo‘lganki, yaqin stansiyalarda turgan poyezdlar 70 km radiusda siljib ketgan. Lyudvigshafen va Mannhaym shaharlaridagi barcha binolarning derazalari parcha-parcha bo‘lgan, portlash ovozi hatto 300 km uzoqlikda joylashgan Myunxenda ham sado bergan.

90x125 m o‘lchamdagi va 20 m chuqurlikdagi krater qoldirgan portlashdan bir necha kun o‘tgach, kuchli yong‘in boshlangan. Jami bo‘lib 561 kishi ofat qurboniga aylangan, bir yarim mingdan ortiq odam jarohatlangan.

Portlashning misli ko‘rilmagan kuchi o‘nlab yillar o‘tgach, «Germaniyaning yorqin aqllari» tomonidan ishlab chiqilgan yadroviy zaryad Oppau shahrida portlagan, degan mish-mishlarga sabab bo‘lgan. Oppau shahridagi falokat A. N.Tolstoyning «Muhandis Garinning giperboloidi» romanida ham tasvirlangan.

Belgiyada sodir bo‘lgan portlash

Beeld RV

Yana bir portlash 78 yil oldin Belgiyaning Tessenderlo shahrida sodir bo‘lgan. 1942 yil 29 aprelda ro‘y bergan ushbu portlashda 189 kishi halok bo‘lgan va yuzlab odam jarohatlangan.

Kunduzi soat 11:20da sodir bo‘lgan mazkur portlash natijasida zavod yaqinidagi maktablarda darsda o‘tirgan ko‘p sonli o‘quvchilar vafot etgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Tessenderloda har bir uydan kamida bittadan odam halok bo‘lgan. Portlash natijasida vafot etgan 189 kishining barchasi birgalikda umumiy qabrga ko‘milgan. Keyinchalik oilalar jasadlarni ommaviy qabrdan chiqarib, alohida mozorlarga dafn qilishgan.

Portlashdan keyin shaharchada diametri 70 metr va chuqurligi 23 metr bo‘lgan krater paydo bo‘lgan, ko‘plab odamlar yo qo‘li, yo oyog‘idan ayrilgan.

HLN gazetasiga intervyu bergan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘llari va oyoqlari bo‘lmagan dehqonlar o‘sha paytda ko‘cha sahnasining doimiy qismiga aylangan. Shaharcha osmonini esa yuz metrlab balandlikdagi jigarrang tutun buluti qoplab olgandi.

Produits Chimiques de Tessenderloo nomli kimyoviy fabrika ishchilari 200 tonna ammiakli selitrani dinamit bilan kesishga tayyorgarlik ko‘rishayotgan paytda yuz bergan portlashni avvaliga o‘sha payt davom etayotgan urushda tashlangan bombalardan biri, deb o‘ylashgan.

Tessenderlo shahrini butunlay vayron qilgan bu portlash dastlab natsistlar bilan hamkorlik qilganlarning ishi ekani haqida iddaolar ilgari surilgan, ammo keyinchalik u inson xatosi tufayli yuzaga kelgani ma'lum bo‘ldi.

O‘sha paytdagi fabrika menejyeri Nestor Sevrin bu holni haddan tashqari yuragiga og‘ir olib, xastalanib yotib qolgan va 1943 yilda vafot etgan.

AQShda 600 kishi vafot etgan

Beeld Texascity-library

Ammiakli selitraning portlashi tufayli yuzaga kelgan eng katta yo‘qotish AQShning Texas shtatida yuz bergan.

1947 yil 16-17 aprel kunlarida Texas-Siti portida sodir bo‘lgan yirik yong‘in paytida ikkita kemadagi ammiakli selitraning portlashi natijasida 600 kishi halok bo‘lgan.

AQShdagi 11 sentabr voqealaridan hech qancha vaqt o‘tib ulgurmay, 2001 yil 21 sentabr kuni Fransiyaning Tuluza shahridagi AZF kimyoviy zavodida sodir bo‘lgan ammiakli selitra portlashi natijasida 31 kishi halok bo‘lgan.

Portlashda jami 8 ming kishi yaralangan, ulardan 2 ming 500 nafari og‘ir jarohat olgan. Avvaliga «terrorchilik xuruji» deb taxmin qilingan ushbu voqea 500 kilogramm ammiakli selitraning xlorlangan mahsulot bilan reaksiyaga kirishishi natijasida yuz bergan.

2013 yil 17 aprel kuni AQShning Texas shtatidagi o‘g‘it zavodida sodir bo‘lgan portlash 12 kishining o‘limiga va kamida 200 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yong‘inning ammiak selitrasi bilan aloqasi ushbu portlashni yuzaga keltirgan.

2015 yilda Xitoyning Tyanszin shahrida joylashgan omborda yuz bergan portlash natijasida esa 173 kishi vafot etgan.

2003 yilda Istanbuldagi hujumlarda ham ammiak selitrasidan foydalanilgan

Ammiakli selitra 2003 yil 15 noyabrda Istanbulning Shishli shahridagi Bet-Isroil va Beyo‘g‘li shahridagi Neve Shalom sinagoglari bilan 2003 yil 20 noyabrda HSBC banki (Hong Kong and Shanghai Banking Corporation)ga qilingan hujumlarda ham ishlatilgan. To‘rt farqli joyda ammiakli selitralar bilan to‘ldirilgan yuk mashinalarining portlashi natijasida 59 kishi vafot etgan, 400 kishi esa jarohat olgan.

Mavzu
Bayrutdagi portlash
4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda vayronkor portlash ro‘y berdi.
Barchasi
Top