20:23 / 06.08.2020
2606
«Masofaviy ta'limda ota-onalarning roli ayniqsa muhim» - xalqaro ekspert

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining 30 foizida internetdan foydalanish imkoni bor, deb ma'lum qildi Xalq ta'limi vazirining maslahatchisi Djon Tulli.

Bugun, 6 avgust kuni Xalq ta'limi vazirligi, Respublika ta'lim markazi va YUNISEF hamkorligida ta'lim masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Konferensiyada qatnashgan xalq ta'limi vaziri maslahatchisi, xalqaro ta'lim eksperti Djon Tullining so‘zlariga ko‘ra, bolalar qaysi vosita orqali masofaviy ta'lim olishidan qat'i nazar, ularni ta'lim olishlariga uydagi muhit – ota-ona rag‘batlantirib turishi kerak.

«Masofaviy ta'limda ota-onalar roli muhim ekanini unutmaslik kerak. Sababi masofaviy dars tugagandan so‘ng o‘qituvchi emas, ota-onalar bolalarining yonida bo‘ladi. Bolalar o‘zlashtirishida muammo bo‘lmasligi uchun ularning yordami katta ahamiyatga ega», – dedi Djon Tulli.

Djon Tulli Xalq ta'limi vazirining maslahatchisi

Uning qayd etishicha, masofaviy ta'limning texnik jihatlari bilan birga, ta'lim sifati ham birdek muhim. Xususan, videodarslar sifati, ularda qo‘llanayotgan metodlar, dars jadvallari ham muhim ahamiyatga ega.

«Asosiy tamoyil – bola qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, u ta'lim olish imkoniga ega bo‘lish kerak. Misol sifatida Chili tajribasiga to‘xtalish mumkin. Bu davlatda hamma bolalarni ta'lim bilan qamrab olish uchun televizion va radio dasturlaridan foydalanilgan.

Xuddi O‘zbekiston singari Chilida ham faqat 30 foiz o‘quvchilarning internetdan foydalanishga imkoni bor. O‘xshash tarzda O‘zbekiston bu sharoitda televizion darslardan, Chili esa radio eshittirishlardan keng foydalandi», – dedi O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri maslahatchisi.

Top