14:24 / 06.08.2020
11595

Qirg‘iziston Tojikiston tomondan o‘q uzilishi oqibatida bir harbiy yaralanganini ma'lum qildi

Ayni paytda Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmati vakillari ushbu holat bo‘yicha uchrashuv o‘tkazmoqda.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston-Tojikiston chegara uchastkasida sodir bo‘lgan hodisa natijasida Qirg‘iziston davlat chegara xizmatining (DChX) harbiy xizmatchisi o‘qotar quroldan yaralandi. Bu haqda Qirg‘iziston DChX matbuot xizmati xabar berdi.

“Botken rayonidagi Eki-Tash qishlog‘ida Tojikiston tomondan notanish shaxslar Qirg‘iziston chegara xizmati harbiylariga qarata o‘q uzgan”, deyiladi xabarda.

Aniqlik kiritilishicha, chegarachi qo‘lidan jarohat olgan, uning holati qoniqarli.

Ayni paytda Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmati vakillari ushbu holat bo‘yicha uchrashuv o‘tkazmoqda.

Iyun oyida ikki davlat chegarasida to‘rt marta ana shunday holat yuz bergandi. Ikki davlat chegara xizmatlari bir-birini ig‘vogarlikda va o‘qqa tutishda ayblagan.

 Tojikiston va Qirg‘iziston 970 kmlik umumiy chegaraga ega. Undan 519 kilometri aniqlashtirilgan, qolgan qismi esa bahsli hisoblanadi.

Top