22:14 / 06.08.2020
2897
Tashqi ishlar vazirligining mehnat migratsiyasi muammolarini hal qilishdagi ishlari yetarli samara bermayapti – Senat

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar aniqlangan.

Qayd etilishicha, 6 avgust kuni yuqori palata qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tgan. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda Senatning oltinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan qonunlar va bir qator masalalar dastlabki tarzda muhokama etilgan.

Senat axborot xizmatining xabar berishicha, xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida Tashqi ishlar vazirining faoliyati haqidagi axboroti ko‘rib chiqilgan.

«Vazirlik tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar bilan munosabatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekistonning manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Bunda vazirlik va idoralar, muassasalarning xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirishga alohida e'tibor qaratilyapti.

Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar aniqlangan. Xususan, vazirlikning eksportni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish sohalarida respublika hududlariga amaliy ko‘mak berish, joylardaga tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi bilim va malakasini oshirish hamda mehnat migratsiyasi muammolarini hal qilishdagi ishlari yetarli samara bermayapti. Shu jihatdan senatorlar vazirlik faoliyatini takomillashtirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

So‘ngra Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari himoyasini ta'minlash chora-tadbirlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi», deyiladi rasmiy xabarda.

Ta'kidlanishicha, parlament so‘rovi Oliy Majlis palatalari, Prezident qabulxonasi, Ombudsman, hududlar hokimliklariga, mamlakatimizning Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik vakolatxonasiga kelib tushayotgan fuqarolarning ko‘psonli murojaatlari asosida shakllantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 7 avgust kuni videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladigan oltinchi yalpi majlisida «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturining 2020 yil birinchi yarim yillik ijrosi yuzasidan tashqi ishlar vazirining axboroti ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Top