09:53 / 06.08.2020
4781
Trampning qarorgohida avtomat ko‘targan o‘smirlar ushlandi

AQSh politsiyasi AQShning prezidenti Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga kirgan uch o‘smirni qo‘lga oldi. O‘smirlar yonidan avtomat topilgan.  

Foto: Getty Images

Palm-Bich politsiyasi vakili Maykl Ogrodnikning The Miami Herald nashriga xabar qilishicha, 15 yoshli uch o‘smir mashinada politsiyadan qochishga uringan. O‘smirlar mashinadan tushib, yaqin orada joylashgan qarorgoh devoridan oshib o‘tib, uning hududida yashirinmoqchi bo‘lgan

“Ular binoga bostirib kirmoqchi bo‘lishmagan. Ular yashirinish uchun uning devoridan oshib o‘tishgan. O‘smirlar qayerga tushib qolganlari haqida umuman tushunchaga ega bo‘lmaganlar”, deb ma'lum qilgan Ogrodnik.

Politsiyachining ta'kidlashicha, o‘smirlar yonidan Kalashnikov avtomati topilgan. O‘smirlarning ta'kidlashicha, avtomat ularga tegishli bo‘lmay, uni tasodifan topib olishgan.

O‘smirlarga o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash va qo‘lga olish vaqtida zo‘ravonlik qilmay qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ayblovlar bildirilgan. Hozirda ular balog‘atga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan izolyatorda saqlanmoqda. Palm-Bich prokuraturasi ularga katta yoshlilar sifatida ayblov bildirish-bildirmaslik masalasini hal qilmoqda.  

2019 yil kuzida Tramp qarorgohiga kirgan xitoy millatiga mansub ayol 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ayolning yonidan 4 ta telefon va ichida zarar yetkazuvchi dastur bo‘lgan fleshka topilgan. U qarorgohga qo‘riqchilarni Mar-a-Lago yopiq klubi a'zosi ekani va u yerdagi suv havzasidan foydalanmoqchiligiga ishontirib kira olgan.

Top